251-modda. Jazoni ijro etish tartibi va shartlari
Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-421-son) · Sana: 29.03.2017 · Amalda
Majburiy jamoat ishlari tariqasidagi jazoni ijro etish mahkumning yashash joyidagi ichki ishlar organlarining jazolarni ijro etish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Mahkum majburiy jamoat ishlarini oʻtashi mumkin boʻlgan joylar (obyektlar) va majburiy jamoat ishlarining turlari jazolarni ijro etish inspeksiyalari tomonidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining taklifiga koʻra belgilanadi.
Majburiy jamoat ishlariga hukm qilingan shaxs jazoni oʻtashga sudning hukm qonuniy kuchga kirganligi haqidagi xabarnomasi jazolarni ijro etish inspeksiyasiga kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay jalb qilinadi.
Mahkumga asosiy ish joyidan navbatdagi har yilgi mehnat taʼtilining berilishi majburiy jamoat ishlari tariqasidagi jazoning ijrosini toʻxtatib turmaydi.
Mahkum majburiy jamoat ishlarini oʻtashi davrida Jinoyat kodeksi 75-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan holatlar yuzaga kelgan taqdirda, jazolarni ijro etish inspeksiyasi tomonidan sudga mahkumni jazoni oʻtashdan ozod qilish toʻgʻrisida taqdimnoma yuboriladi.
Majburiy jamoat ishlari bepul asosda bajariladi.
Majburiy jamoat ishlari tariqasidagi jazoning ijrosini tashkil etish tartibi va majburiy jamoat ishlari turlarining roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
