39-modda. Chegara qoʻshinlarining huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisida (820-I-son) · Sana: 20.08.1999 · Amalda
Davlat chegarasini himoya qilish va qoʻriqlash chogʻida chegara qoʻshinlari quyidagi huquqlarga ega:
belgilangan tartibda oʻzlariga berilgan yer uchastkalarida zarur muhandislik-texnika inshootlari qurish, aloqa liniyalari va kommunikatsiyalar qurilishini amalga oshirish, texnika va qurol-yarogʻlarni joylashtirish hamda ulardan foydalanish;
joylarning har qanday uchastkalarida chegara naryadlarini joylashtirish hamda harakat qilish, transport vositalarini chegara naryadlari bilan kuzatib borish, transport vositalarini belgilangan tartibda koʻzdan kechirish;
qoʻshinga oid, razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyatni hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa faoliyatni amalga oshirish;
Davlat chegarasi rejimini, chegara oldi rejimini yoki Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlaridagi rejimni buzgan shaxslarni qonunchilikda belgilangan tartibda maʼmuriy tartibda ushlash;
maʼmuriy tartibda ushlangan, shuningdek jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlangan shaxslarni maxsus jihozlangan joylarda qonunchilikda belgilangan tartibda saqlash;
chegara qoʻshinlari boʻlinmalariga shaxslarni taklif etish va ularga maʼlum boʻlgan Davlat chegarasini noqonuniy kesib oʻtish yoki Davlat chegarasi rejimini, chegara oldi rejimini yoki Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlaridagi rejimni boshqa tarzda buzish holatlari toʻgʻrisida ulardan tushuntirishlar olish. Zarur hollarda yuqorida koʻrsatib oʻtilgan qoidabuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi tushuntirishlar boshqa joylarda ham olinishi mumkin;
Davlat chegarasi orqali oʻtayotgan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasiga kirish yoki undan chiqish huquqi toʻgʻrisidagi hujjatlarini tekshirish, ularga tegishli belgilar qoʻyish, zarurat boʻlganda bu hujjatlarni belgilangan tartibda olib qoʻyish, Oʻzbekiston Respublikasiga kirish yoki undan chiqish huquqini beruvchi haqiqiy hujjatlari boʻlmagan shaxslarni ular hujjatlarini lozim darajada rasmiylashtirgunga yoki chet elda boʻlgan chogʻida hujjatlarini yoʻqotganlik holatlari aniqlangunga yoki ularning shaxsi aniqlangunga qadar Davlat chegarasi orqali oʻtkazmaslik, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishi uchun vaqtinchalik cheklash belgilangan shaxslarni Davlat chegarasi orqali oʻtkazmaslik;
manfaatdor organlar va transport tashkilotlari bilan hamkorlikda Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida transport vositalari toʻxtash (toʻxtab turish) joylari va muddatlarini belgilash;
