22-modda. Maxsus qabulxona maʼmuriyati va xodimlarining huquqlari
Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida (O‘RQ-420-son) · Sana: 09.01.2017 · Amalda
Maxsus qabulxona maʼmuriyati va xodimlari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
advokatlar, qarindoshlar va boshqa shaxslarning maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar bilan uchrashish huquqini beruvchi hujjatlarini tekshirish;
maxsus qabulxonada kirish-chiqish rejimini va obyektning ichki rejimini taʼminlash choralarini koʻrish, nazorat va tekshiruvning texnik vositalarini qoʻllash, maxsus qabulxona hududiga kirib kelayotgan va undan chiqib ketayotgan transport vositalarini koʻzdan kechirish;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish, ularning barmoq izlarini roʻyxatga olish va ushbu shaxslarni fotosuratga olish, ularda mavjud boʻlgan hujjatlar, pul mablagʻlari, qimmatbaho buyumlar, narsalar va boshqa ashyolarni koʻzdan kechirish;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar tomonidan olinadigan va joʻnatiladigan pochta joʻnatmalarini va yoʻqlovlarni koʻzdan kechirish;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslardan saqlash, tarqatish, isteʼmol qilish va foydalanish taqiqlangan hujjatlarni, pul mablagʻlarini, qimmatbaho buyumlarni, narsalarni hamda boshqa ashyolarni olib qoʻyish;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslardan va maxsus qabulxona hududida turgan boshqa shaxslardan maxsus qabulxona maʼmuriyati va xodimlari tomonidan xizmat majburiyatlari bajarilishiga toʻsqinlik qiluvchi harakatlarni darhol toʻxtatishni talab qilish, ushbu harakatlarga barham berish, ularni bartaraf etish va aybdorlarni qonunga muvofiq javobgarlikka tortish yuzasidan zarur choralar koʻrish;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning yozma roziligi bilan ularni haq toʻlanadigan mehnatga, shuningdek maxsus qabulxona xonalarida sanitariya-gigiyena, maishiy sharoitlarni yaxshilash, ichki ishlar organi yoki maxsus qabulxona hududini obodonlashtirish bilan bogʻliq boʻlgan, haq toʻlanmaydigan jismoniy ishlarga jalb etish;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga nisbatan qonunchilikka muvofiq jismoniy kuch ishlatish va maxsus vositalarni, ragʻbatlantirish va intizomiy jazo choralarini qoʻllash.
Maxsus qabulxona maʼmuriyati va xodimlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
