21-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga tibbiy xizmat koʻrsatish
Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida (O‘RQ-420-son) · Sana: 09.01.2017 · Amalda
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga tibbiy xizmat koʻrsatish maxsus qabulxonaning tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Maxsus qabulxonaga yangi kelgan shaxslar maxsus qabulxonaning tibbiyot xodimlari tomonidan bemorlarni va tibbiy yordamga muhtoj boʻlgan shaxslarni aniqlash maqsadida amalga oshiriladigan birlamchi tibbiy koʻrikdan oʻtadilar.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga tibbiy yordam ichki tartib qoidalarida belgilangan tartibda maxsus qabulxonalarda yoki Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan tartibda davlat sogʻliqni saqlash muassasalarida koʻrsatiladi.
Maxsus qabulxonalarda maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarda tan jarohatlari aniqlanganda, ular maxsus qabulxonaning tibbiyot xodimlari tomonidan kechiktirmasdan tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladi. Tibbiy tekshiruv natijalari toʻgʻrisida darhol prokurorga xabar qilinadi.
Maxsus qabulxona tibbiyot xodimining xulosasiga koʻra statsionar sharoitlarda yordam koʻrsatilishiga muhtoj boʻlgan shaxslar davlat sogʻliqni saqlash muassasalariga yuboriladi. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga statsionar sharoitlarda tibbiy yordam koʻrsatilgan taqdirda ularning qarindoshlari yoki maʼmuriy qamoqqa olingan shaxs tomonidan koʻrsatilgan boshqa shaxslar bu haqda darhol xabardor qilinadi. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga statsionar sharoitlarda tibbiy yordam koʻrsatilgan vaqt maʼmuriy qamoqni oʻtash muddatiga qoʻshib hisoblanadi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar tibbiy koʻrsatmalar boʻyicha oʻzlariga zarur boʻlgan tayinlangan dori vositalari va preparatlaridan maxsus qabulxona tibbiyot xodimining ruxsati bilan foydalanishga haqli.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga maxsus qabulxonalarda tibbiy xizmat koʻrsatish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Maxsus qabulxona maʼmuriyati, xodimlari va tibbiyot xodimlari muntazam ravishda dezinfeksiya va boshqa sanitariya-gigiyena tadbirlari oʻtkazilishini taʼminlashi shart.
