9-modda. Monopoliyaga qarshi qonunlarni buzganlik uchun jarimalar
Monopolistik faoliyatni cheklash toʻgʻrisida (623-XII-son) · Sana: 02.07.1992 · Amalda
1. Monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli organ xoʻjalik yurituvchi subyektlarga:
a) qoidabuzarlikni toʻxtatish, dastlabki holatni tiklash, ushbu Qonunga zid shartnomalarni bekor qilish yoki oʻzgartirish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarni bajarishdan boʻyin tovlaganlik yoki oʻz vaqtida bajarmaganlik uchun:
boshqaruv organlariga va yuridik shaxs boʻlmish xoʻjalik yurituvchi subyektlarga — eng kam oylik ish haqining 100 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda;
jismoniy shaxs boʻlmish xoʻjalik yurituvchi subyektlarga — eng kam oylik ish haqining 5 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda;
davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning mansabdor shaxslariga — eng kam oylik ish haqining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda;
b) monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli organga xabar bermaganlik yoki qasddan notoʻgʻri maʼlumot berganlik uchun:
boshqaruv organlariga va yuridik shaxs boʻlmish xoʻjalik yurituvchi subyektlarga — eng kam oylik ish haqining 40 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda;
jismoniy shaxs boʻlmish xoʻjalik yurituvchi subyektlarga — eng kam oylik ish haqining 5 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda;
davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning mansabdor shaxslariga — eng kam oylik ish haqining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga haqlidir.
2. Monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idora tomonidan solingan jarimani xoʻjalik yurituvchi subyekt, boshqaruv idorasi yoki mansabdor shaxs jarima solinganligi toʻgʻrisidagi qarorni olgan paytdan boshlab 30 kun ichida toʻlashi kerak.
Jarimani belgilangan muddatda toʻlashdan boʻyin tovlangan yoki jarima toʻliq miqdorda toʻlanmagan taqdirda monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idora tegishli ariza bilan sudga yoki hakamlik sudiga murojaat qilishga xaqlidir.
Agar jarima solish toʻgʻrisidagi qarorning darhol ijro etilishi korxonani sinishga olib kelishi mumkin boʻlsa, u holda monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idora, sud yoki hakamlik sudi jarima solingan xoʻjalik yurituvchi subyektning arizasiga binoan unga jarimani boʻlib-boʻlib toʻlash imkonini berishga haqlidir.
Monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idora tomonidan solingan jarimalar tegishli budjetga toʻlanadi yoki shu budjet foydasiga undiriladi.
