7-modda. Monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idora
Monopolistik faoliyatni cheklash toʻgʻrisida (623-XII-son) · Sana: 02.07.1992 · Amalda
1. Oʻzbekiston Respublikasida monopoliyaga qarshi davlat siyosatini yurgizish maqsadida monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idora tuziladi, uning asosiy vazifasi quyidagilardan iborat boʻladi:
tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, tovar bozorida raqobatni rivojlantirish;
monopolistik faoliyatning, bozordagi ustun mavqeni suiisteʼmol qilishlarning oldini olish va ularga yoʻl qoʻymaslikka, monopolist korxonalar belgilaydigan narx-navolarni boshqarib borishga, gʻirrom raqobatning payini qirqishga qaratilgan choralar koʻrish;
monopoliyaga qarshi qonunlarga rioya etilishini nazorat qilib turish.
2. Monopoliyaga qarshi qonunlar buzilgan hollarda monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idora qonunbuzarliklarni toʻxtatish, dastlabki holatni tiklash toʻgʻrisida, asossiz orttirilgan daromadni tegishli budjetga oʻtkazish toʻgʻrisida, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni majburiy tartibda maydalab (boʻlib) yuborish toʻgʻrisida va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bozordagi ustun maqeini bartaraf etish yoki pasaytirishga qaratilgan boshqa tadbirlar toʻgʻrisida xoʻjalik yurituvchi subyektlar bajarishi shart boʻlgan koʻrsatmalar berishga, shuningdek xoʻjalik yurituvchi subyektlarga, boshqaruv idoralariga va mansabdor shaxslarga jarima solishga haqlidir.
3. Tegishli hollarda monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshirishga vakolatli idora materiallarni qonunda belgilab qoʻyilgan tartibda koʻrib chiqish uchun sud yoki hakamlik sudiga, prokuratura idoralariga yuboradi.
