5-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruv idoralarining hamda ular mansabdor shaxslarining raqobatni cheklovchi xatti-harakatlariga yoʻl qoʻymaslik
Monopolistik faoliyatni cheklash toʻgʻrisida (623-XII-son) · Sana: 02.07.1992 · Amalda
1. Davlat hokimiyati va boshqaruv idoralari, ularning mansabdor shaxslari xoʻjalik yurituvchi subyektlarning mustaqilligini cheklovchi, ulardan ayrimlarining faoliyat olib borishini kamsituvchi yoki, aksincha ular uchun qulaylik tugʻdiruvchi sharoit yaratib beruvchi huquqiy hujjatlar chiqarishga yoki harakatlar qilishga haqli emaslar, basharti bunday hujjatlar yoki harakatlar oʻz pirovardida raqobatning jiddiy ravishda cheklanishiga yoki xoʻjalik subyektlari yoxud jismoniy shaxslarning manfaatlariga zarar yetkazilishiga olib kelsa yoki olib kelishi mumkin boʻlsa.
Davlat hokimiyati va boshqaruv idoralarining quyidagi harakatlarni qilishi taqiqlanadi:
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning muayyan faoliyat turlarini amalga oshirishiga, ayrim tovar turlarini ishlab chiqarishga taqiq belgilash, qonunlarda koʻzda tutilgan hollar bundan mustasno;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bozorga kirishini cheklash yoki ularni bozordan chetlatish;
xoʻjalik yurituvchi ayrim subyektlarga ularni bozorga xuddi shu xil tovar chiqarayotgan xoʻjalik yurituvchi boshqa subyektlarga nisbatan ustun mavqega qoʻyadigan soliq imtiyozi yoki oʻzga imtiyozlarni asossiz ravishda berish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarga shartnomalar tuzishda kimgadir ustunlik berish toʻgʻrisida yoki muayyan xaridorlar (buyurtmachilar) doirasiga mollarni birinchi navbatda yetkazib berish (ishlarni bajarish, xizmat koʻrsatish) toʻgʻrisida koʻrsatmalar berish;
faoliyatning muayyan sohasida xoʻjalik yurituvchi yangi subyektlar tashkil etishga asossiz toʻsqinlik qilish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar mustaqilligini cheklovchi qonunga xilof boshqa harakatlar sodir etish.
2. Mansabdor shaxslarga (Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan roʻyxatdagi mansabdor shaxslarga) quyidagilar taqiqlanadi:
tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish;
korxonaning egasi yoki muassis boʻlish;
davlat tasarrufida boʻlmagan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning boshqaruv idoralarida rahbarlik lavozimlarini egallash;
aksiyali jamiyatlarning, masʼuliyati cheklangan jamiyatlarning yoki boshqa xil shirkatlarning umumiy yigʻilishi qarorlarini qabul qilishda mustaqil ravishda yoki vakil orqali oʻziga tegishli aksiyalar, ulush qatnashuvdagi hissa vositasida ovoz berish.
