21-modda. Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish
Keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-415-son) · Sana: 26.12.2016 · Amalda
Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturini ishlab chiqish uchun ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxsning turmushi holatini baholash natijalari asos boʻladi.
Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturini ishlab chiqish ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi organlar va tashkilotlar mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi.
Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi ijtimoiy xizmatlar shakllari, turlari, ularning hajmi, davriyligini, bunday xizmatlar koʻrsatish shartlari va muddatlarini, shuningdek masʼul shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi ijtimoiy xizmatlarni oluvchi yoki uning qonuniy vakili ishtirokida ishlab chiqiladi.
Ijtimoiy xizmatlarni oluvchi yoki uning qonuniy vakili ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturiga muvofiq beriladigan ijtimoiy xizmatlarni olishdan toʻliq yoki qisman voz kechishga haqli.
Ijtimoiy xizmatlarni oluvchi yoki uning qonuniy vakili ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturini bajarishdan yozma ravishda toʻliq yoki qisman voz kechgan taqdirda, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi organlar va tashkilotlar ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi yoki uning bir qismi bajarilmaganligi uchun javobgar boʻlmaydi.
Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturida koʻrsatilgan axborot maxfiydir va u ijtimoiy xizmatlarni oluvchining yoki uning qonuniy vakilining yozma roziligisiz tarqatilishi mumkin emas.
