20-modda. Ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarning turmushi holatini baholash
Keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-415-son) · Sana: 26.12.2016 · Amalda
Ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarning turmushi holatini baholash ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi tegishli organlar va tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladi.
Ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxsning turmushi holatini baholashdan oʻtkazish uchun mazkur shaxsning yoki uning qonuniy vakilining yozma arizasi asos boʻladi.
Ijtimoiy xizmatlarni oluvchilar yoki ularning qonuniy vakillari ijtimoiy xizmatlarga muhtojligi va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish shartlari toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi uchun ahamiyatga ega boʻlgan axborotni taqdim etishi shart va ular taqdim etilgan axborotning toʻgʻriligi uchun javobgar boʻladi.
Ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi organlar va tashkilotlar ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxsning turmushi holatini baholash natijalariga koʻra shaxsni ijtimoiy xizmatlarga muhtoj deb topish toʻgʻrisida yoki ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishga doir arizani rad etish haqida qaror qabul qiladi.
Shaxsni ijtimoiy xizmatlarga muhtoj deb topish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda shaxs ijtimoiy xizmatlarni oluvchilar roʻyxatiga kiritiladi va unga maslahatlar beriladi, zarur boʻlgan hollarda, ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi ishlab chiqiladi yoki tegishli hujjatlar ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi boshqa vakolatli organlar va tashkilotlarga yuboriladi.
