31-modda. Kasaba uyushmalarining, xodimlar boshqa vakillik organlarining mehnatni muhofaza qilishni taʼminlash borasidagi huquqlari
“Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-410-son) · Sana: 22.09.2016 · Amalda
Kasaba uyushmalari va xodimlarning boshqa vakillik organlari mehnatni muhofaza qilish sohasida vakillikni, shuningdek xodimlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni amalga oshiradi.
Kasaba uyushmalari va xodimlarning boshqa vakillik organlari, shuningdek xodimlarning oʻzi mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakil etgan shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
tashkilotlarning rahbarlaridan va boshqa mansabdor shaxslaridan mehnat sharoitlari va muhofazasi toʻgʻrisida, shuningdek ishlab chiqarishdagi barcha baxtsiz hodisalar hamda kasb kasalliklari haqida axborot olish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va kasb kasalliklarini tekshirishda ishtirok etish;
xodimlarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻilgan hollarda ishlarni toʻxtatib turish, shuningdek mehnatni muhofaza qilishga oid talablarning buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisida ish beruvchiga takliflar kiritish;
mehnatni muhofaza qilish holatini oʻrganish, ish beruvchilarning jamoa shartnomalari va kelishuvlarida nazarda tutilgan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha majburiyatlari bajarilishini nazorat qilish;
ishlab chiqarish obyektlarini va ishlab chiqarish vositalarini sinash hamda foydalanishga qabul qilish boʻyicha komissiyalar ishida mustaqil ekspert sifatida ishtirok etish, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi majlislarida ishtirok etish;
mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
mehnatni muhofaza qilishga oid talablarni buzganlikda, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar faktlarini yashirganlikda aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi talablar bilan tegishli organlarga murojaat qilish;
mehnat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq holda mayib boʻlishi yoki sogʻligʻining boshqacha tarzda shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi uchun hamda xodimlarning sogʻligʻi va mehnati muhofaza qilinishiga boʻlgan huquqlari cheklangan boshqa hollarda xodimning huquqlarini himoya qilib sudga murojaat etish;
mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik, jamoa shartnomalarida va kelishuvlarida nazarda tutilgan majburiyatlar buzilganligi, shuningdek mehnat sharoitlarining oʻzgarishi bilan bogʻliq mehnat nizolarini koʻrib chiqishda ishtirok etish.
