22-modda. Xodimning mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquqlari va majburiyatlari
“Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-410-son) · Sana: 22.09.2016 · Amalda
Xodim quyidagi huquqlarga ega:
mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning va normativ-huquqiy hujjatlarning talablariga mos boʻlgan ish oʻrniga ega boʻlish;
ish beruvchidan mehnat sharoitlari toʻgʻrisida, shu jumladan kasb kasalliklari va boshqa kasalliklarga chalinish ehtimoli mavjudligi, shu munosabat bilan oʻziga berilishi lozim boʻlgan imtiyozlar va kompensatsiyalar, shuningdek shaxsiy himoya vositalari va jamoaviy himoya vositalari haqida axborot olish;
mehnatni muhofaza qilishga oid belgilangan normalar va talablarga muvofiq ish beruvchining mablagʻlari hisobidan shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlanish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan qonunchilikda belgilangan tartibda davlat tomonidan majburiy ijtimoiy sugʻurta qilinish;
mehnatni muhofaza qilishga oid talablar buzilganligi oqibatida oʻz hayoti va sogʻligʻi uchun xavf yuzaga kelgan taqdirda, agar shunday holatlar mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati hamda tekshiruvini amalga oshiruvchi organlar tomonidan tasdiqlansa, ishlarni bajarishni bunday xavf bartaraf etilguniga qadar rad etish;
oʻz ish oʻrnidagi mehnat sharoitlari hamda muhofazasi mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organ tomonidan tekshirishdan oʻtkazilishi uchun soʻrovnoma berish;
ish beruvchining mablagʻlari hisobidan mehnatning xavfsiz uslublari va usullari boʻyicha oʻqish;
qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va kompensatsiyalarni olish;
oʻz mehnat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq holda mehnatda mayib boʻlishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki sogʻligʻiga boshqacha tarzda shikast yetishi munosabati bilan hayotiga yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini ish beruvchidan undirish;
oʻz ish oʻrnida mehnat qilish uchun xavfsiz sharoitlar taʼminlanishi bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqilayotganda va oʻzi bilan sodir boʻlgan baxtsiz hodisa yoki uning kasb kasalligi tekshirilayotganda shaxsan oʻzi ishtirok etish yoki oʻz vakillari orqali ishtirok etish;
