21-modda. Ishga qabul qilishda va boshqa ishga oʻtkazishda mehnatni muhofaza qilishga boʻlgan huquqning kafolatlari
“Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-410-son) · Sana: 22.09.2016 · Amalda
Mehnat shartnomasining shartlari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik, jamoa shartnomalari, shuningdek jamoa kelishuvlari va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi boshqa ichki normativ hujjatlar talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Fuqarolarni sogʻligʻining holatiga koʻra oʻziga toʻgʻri kelmaydigan ishga qabul qilish va xodimlarni boshqa shunday ishga oʻtkazish taqiqlanadi.
Fuqarolarni sogʻligʻi va hayotiga yuqori darajada xavf tugʻdirishi mumkinligi oldindan ayon boʻlgan ishga qabul qilish hamda xodimlarni boshqa shunday ishga oʻtkazish chogʻida ish beruvchi ularni bu haqda ogohlantirishi shart.
Sogʻligʻining holatiga koʻra yengilroq ishga yoki noqulay ishlab chiqarish omillari taʼsirini istisno etadigan ishga oʻtkazishga muhtoj xodimlarni ish beruvchi ana shunday ishga ularning roziligi bilan, tibbiy xulosaga muvofiq vaqtincha yoki muddatini cheklamay oʻtkazishi shart.
Sogʻligʻining holatiga koʻra yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsirini istisno etadigan kam haq toʻlanadigan ishga oʻtkazishda xodimlarning avvalgi oʻrtacha oylik ish haqi Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida belgilangan tartibda va muddatlarda saqlanib qoladi.
