37-modda. Daraxtlar va butalarni kesish
“Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-409-son) · Sana: 21.09.2016 · Amalda
Davlat oʻrmon fondi yerlaridagi daraxtlar va butalarni kesish oʻrmonni parvarish qilish uchun kesish qoidalariga muvofiq, oʻrmonlarning qoʻriqlanish toifalari hisobga olingan holda berilgan oʻrmon biletlari boʻyicha amalga oshiriladi.
Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga faqat sanitariya maqsadlarida kesish hamda binolarni, inshootlarni va kommunikatsiyalarni qurish hamda rekonstruksiya qilish bilan bogʻliq holda kesish tartibida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida yoʻl qoʻyiladi.
Tabiiy omillar yoki oʻsimliklar zararkunandalari, kasalliklari taʼsirida zararlangan, quriyotgan yoki qurib qolgan, shuningdek insonning hayoti va sogʻligʻi, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki xavfsizligiga tahdid solayotgan davlat oʻrmon fondi tarkibiga kirmaydigan daraxtlar hamda butalarni kesish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida haq toʻlanmasdan amalga oshiriladi.
