32-modda. Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanuvchilarning huquqlari va majburiyatlari
“Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-409-son) · Sana: 21.09.2016 · Amalda
Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanuvchilar:
oʻsimlik dunyosi obyektlaridan oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq foydalanish;
oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish borasidagi buzilgan huquqlarining tiklanishi va oʻzlariga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi;
yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarga va ularning yashash faoliyati mahsulotlariga nisbatan mulk huquqiga egadir.
Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanuvchilar:
oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasida belgilangan qoidalarga, oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish normalari va normativlariga rioya etishi;
foydalanishga berib qoʻyilgan oʻsimlik dunyosi obyektlaridan oqilona foydalanishi;
oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va takror koʻpaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi, shuningdek biriktirilgan hududlarda oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasida idoraviy va (yoki) ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirishi;
oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish joylarida yongʻin xavfsizligiga rioya etishi va yongʻinga qarshi tadbirlarni amalga oshirishi, yongʻinlar chiqqan hollarda esa ularni oʻchirish choralarini koʻrishi;
oʻsimlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanganlik uchun haqni oʻz vaqtida kiritishi;
karantindagi va boshqa xavfli zararkunandalarni, oʻsimliklar kasalliklarini va begona oʻtlarni oʻz vaqtida aniqlash maqsadida oʻsimlik dunyosi holati ustidan muntazam ravishda kuzatuvlar oʻtkazishi, ular aniqlanganda esa topilgan oʻchoqlarni tugatish choralarini koʻrishi;
oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish boʻyicha biotexnik tadbirlarni amalga oshirishi;
boshqa oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanuvchilarning huquqlarini buzmasligi;
oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzgan holda yetkazilgan zararning oʻrnini toʻliq hajmda qoplashi shart.
Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanuvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
