48-modda. Hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish huquqini toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish
“Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-408-son) · Sana: 19.09.2016 · Amalda
Hayvonot dunyosi muhofaza qilinishini taʼminlash uchun hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish huquqi toʻxtatib turilishi, tugatilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
Hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish huquqi quyidagi hollarda toʻxtatib turilishi mumkin:
ruxsat berishga doir talablar va shartlar buzilganligi aniqlanganda;
maxsus vakolatli davlat organining aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi qarori hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanuvchilar tomonidan bajarilmaganda.
Hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish huquqi quyidagi hollarda tugatiladi:
foydalanish zarurati qolmaganda yoki undan voz kechilganda;
foydalanishning belgilangan muddati oʻtganda;
hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganda;
hayvonot dunyosi obyektlarini muhofaza qilish maqsadida ularni foydalanishdan ajratib olish zarurati tugʻilganda;
foydalanish huquqi berilgan jismoniy shaxs vafot etganda yoki uning faoliyati tugatilganda yoxud yuridik shaxs tugatilganda.
Qonunchilikda hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish huquqini toʻxtatib turish yoki tugatish uchun boshqa hollar ham nazarda tutilishi mumkin.
Hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish huquqi quyidagilar asosida bekor qilinishi mumkin:
hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanuvchining ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasiga koʻra;
ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
Hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish huquqi qonunchilikda belgilangan tartibda toʻxtatib turiladi, tugatiladi yoki bekor qilinadi.
