45-modda. Yovvoyi hayvonlarning sonini tartibga solish
“Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-408-son) · Sana: 19.09.2016 · Amalda
Ayrim turdagi yovvoyi hayvonlar sonini ularning yashash joyi doirasida saqlab turish, koʻpaytirish yoki kamaytirishga qaratilgan tadbirlarni oʻtkazish yovvoyi hayvonlarning sonini tartibga solishdir.
Aholi sogʻligʻini saqlash, qishloq xoʻjalik hayvonlari va uy hayvonlari kasalliklarga chalinishining, yuridik va jismoniy shaxslarga zarar yetkazilishining oldini olish, hayvonot dunyosining turlari boʻyicha xilma-xilligini saqlab turish maqsadida yovvoyi hayvonlarning ayrim turlari sonini tartibga solish tadbirlari oʻtkaziladi.
Ayrim turdagi yovvoyi hayvonlar sonini tartibga solish tadbirlari hayvonlarning boshqa turlariga zarar yetkazilishini istisno etadigan va ularning yashash muhiti saqlab qolinishini taʼminlaydigan usullar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosalari inobatga olingan hamda yer, suv va oʻrmon resurslarini muhofaza qilish hamda ulardan foydalanishni amalga oshiruvchi tegishli davlat organlari bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi kerak.
Soni tartibga solinishi lozim boʻlgan yovvoyi hayvonlarning turlari hamda yovvoyi hayvonlarning sonini tartibga solish boʻyicha tadbirlarni oʻtkazish usullari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan, yovvoyi hayvonlar oʻrtasida yuqumli kasalliklar belgilari aniqlangan taqdirda esa Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan belgilanadi.
