36-modda. Ov qilish va (yoki) baliq ovlash joylari
“Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-408-son) · Sana: 19.09.2016 · Amalda
Sport, havaskorlik va sanoat maqsadida ov qilishga va (yoki) baliq ovlashga ruxsat etilgan yovvoyi hayvonlarning yashash joyi, koʻchib oʻtish yoʻllari boʻlgan barcha yerlar, suvlar hamda oʻrmonlar ov qilish va (yoki) baliq ovlash joylaridir.
Quyidagilar ov qilish va (yoki) baliq ovlash joylari hisoblanmaydi:
aholi punktlarining (shaharlarning, shaharchalarning va qishloq aholi punktlarining) yerlari, bundan sport va havaskorlik maqsadida baliq ovlash mustasno;
tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan yerlar va moddiy madaniy meros obyektlari joylashgan yerlar, agar ularning rejimida ov qilish va (yoki) baliq ovlash nazarda tutilmagan boʻlsa;
sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar, chegara zonalari;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar hosil yigʻishtirib olinguniga qadar, bundan yerga egalik qiluvchilar va yerdan foydalanuvchilar bilan kelishuvga binoan amalga oshiriladigan sport hamda havaskorlik maqsadida ov qilish va (yoki) baliq ovlash hollari mustasno;
shaharlarning, boshqa aholi punktlarining va sanoat markazlarining koʻkalamzorlashtirilgan mintaqalari;
korxonalar atrofidagi sanitariya-himoya zonalari;
suv taʼminoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalari;
oʻrmonlarning sanoat maqsadida ovlanadigan qimmatli baliqlar uvuldiriq sochadigan joylarni muhofaza qiluvchi taqiqlangan mintaqalari;
aerodromlar va aerodrom tegrasidagi zonalar;
toʻgʻonlardagi, suv ayirgichlardagi, koʻpriklardagi, baliqchilik pitomniklari, hovuz va boshqa madaniy baliqchilik xoʻjaliklari chegaralaridagi yoki ushbu obyektlarning muayyan qoʻriqlash rejimida belgilangan yiroqlikdagi uchastkalar (mintaqalar).
