35-modda. Baliq ovlashni amalga oshirish shartlari
“Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-408-son) · Sana: 19.09.2016 · Amalda
Suv obyektlarida sport va havaskorlik maqsadida baliq ovlashga bepul yoki ovchilik-baliq ovlash jamiyatlariga biriktirilgan joylarda ushbu jamiyatlarning ruxsatnomalari (yoʻllanmalari, hayvonlarni tutish varaqalari) asosida haq evaziga ruxsat etiladi, bundan davlat qoʻriqxonalari, tabiat bogʻlarining va davlat biosfera rezervatlarining qoʻriqxonaga aylantirilgan zonalari hududidagi suv obyektlari mustasno.
Baliqchilik xoʻjaligi tashkilotlariga biriktirilgan tabiiy suv havzalarida, baliqchilik pitomniklarida hamda hovuz xoʻjaliklarida sport va havaskorlik maqsadida baliq ovlashga ushbu tashkilotlarning ruxsatnomalari (yoʻllanmalari, hayvonlarni tutish varaqalari) boʻyicha yoʻl qoʻyiladi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning tabiiy suv havzalarida (baliqchilik pitomniklari, hovuz xoʻjaliklari, magistral kanallar, kollektorlar va kichik soylar bundan mustasno) sanoat maqsadida baliq ovlashiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining qaroriga koʻra baliqlarning urchish davrida baliq ovlashni amalga oshirishni taqiqlash muddatlari belgilanadi.
Baliq ovlashni amalga oshirish chogʻida hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi qoidalarda taqiqlangan qurollarni hamda ovlash usullarini qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
