29-modda. Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish
“Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-408-son) · Sana: 19.09.2016 · Amalda
Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish umumiy va maxsus foydalanish tartibida amalga oshiriladi.
Hayvonot dunyosi obyektlaridan umumiy foydalanish jismoniy shaxslar tomonidan bepul, yovvoyi hayvonlarni ularning yashash muhitidan ajratib olmagan (sport va havaskorlik maqsadida baliq ovlash bundan mustasno) va ularga zarar yetkazmagan holda amalga oshiriladi.
Hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish ruxsatnomalar asosida haq evaziga amalga oshiriladi.
Hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma yovvoyi hayvonlarni tutishga doir tasdiqlangan kvotalar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan beriladi. Yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalar hayvonot dunyosi obyektlarini davlat tomonidan hisobga olish va ulardan foydalanish hajmlarini hisobga olish maʼlumotlari, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Pitomniklarda, hovuz xoʻjaliklarida yetishtirilgan va ularning hududidagi yovvoyi hayvonlarni tutish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.
Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
