13-modda. Imzo huquqi
“Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-404-son) · Sana: 13.04.2016 · Amalda
Pul, tovar-moddiy boyliklarni va boshqa boyliklarni qabul qilish hamda berish uchun asos boʻlib xizmat qiladigan hujjatlar, kredit va hisob-kitob majburiyatlari, shuningdek moliyaviy va boshqa hisobotlar buxgalteriya hisobi subyektining rahbari tomonidan yoki u belgilaydigan shaxslar tomonidan imzolanadi.
Buxgalteriya hisobi subyektining rahbari imzolash huquqiga ega boʻlgan shaxslarning ikkita roʻyxatini tasdiqlaydi. Birinchi roʻyxatga buxgalteriya hisobi subyektida rahbarlik vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslar, ikkinchisiga esa, buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslar kiradi. Agar buxgalteriya hisobi subyekti rahbari buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini oʻz zimmasiga olgan boʻlsa, u holda har ikkala roʻyxatda ham oʻzini koʻrsatadi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning imzosi mavjud boʻlmagan hujjatlar haqiqiy emas deb hisoblanadi.
