12-modda. Buxgalteriya hisobi xizmatining rahbari
“Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-404-son) · Sana: 13.04.2016 · Amalda
Bosh buxgalter yoki buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiruvchi boshqa mansabdor shaxs buxgalteriya hisobi xizmatining rahbaridir.
Buxgalteriya hisobi xizmatining rahbari bevosita buxgalteriya hisobi subyektining rahbariga boʻysunadi.
Buxgalteriya hisobi xizmati rahbarining xoʻjalik operatsiyalarini hujjatlar asosida rasmiylashtirish va ularni buxgalteriya hisobi xizmatiga taqdim etish boʻyicha talablari buxgalteriya hisobi subyektining barcha xodimlari uchun majburiydir.
Buxgalteriya hisobi subyektining rahbari va buxgalteriya hisobi xizmatining rahbari oʻrtasida ayrim xoʻjalik operatsiyalarini amalga oshirishga doir kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ular boʻyicha hujjatlar operatsiyalar amalga oshirilishining oqibatlari uchun shaxsan javobgar boʻlgan buxgalteriya hisobi subyekti rahbarining yozma farmoyishi bilan ijroga qabul qilinishi mumkin.
Majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtishi lozim boʻlgan buxgalteriya hisobi subyektining (banklar va boshqa kredit tashkilotlari bundan mustasno) buxgalteriya hisobi xizmati rahbari quyidagi talablarga javob berishi kerak:
oliy maʼlumotga ega boʻlish;
oliy iqtisodiy maʼlumotga ega boʻlgan taqdirda, oxirgi besh kalendar yildan kamida uch yili, noiqtisodiy oliy maʼlumotga ega boʻlgan taqdirda esa, oxirgi oʻn kalendar yildan kamida yetti yili buxgalteriya hisobini yuritish yoki moliyaviy hisobotni tuzish yoxud auditorlik faoliyati bilan bogʻliq ish stajiga ega boʻlish.
Majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtishi lozim boʻlgan buxgalteriya hisobi subyektining rahbari buxgalteriya hisobi xizmati rahbarining har yili malaka oshirishdan oʻtishini taʼminlashi shart.
Ushbu modda beshinchi va oltinchi qismlarining talablari majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtishi lozim boʻlgan buxgalteriya hisobi subyektining rahbari buxgalteriya hisobini yuritishni shartnoma asosida zimmasiga yuklagan ixtisoslashtirilgan tashkilot xodimiga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, shuningdek qasddan sodir etilgan jinoyat uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs buxgalteriya hisobi xizmatining rahbari boʻlishi mumkin emas.
