21-modda. Dorixona
“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-399-son) · Sana: 04.01.2016 · Amalda
Dorixona dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishni, shuningdek ularni tayyorlashni amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxs shaklida yoki yuridik shaxsning tarkibiy boʻlinmasi shaklida tashkil etilishi mumkin. Dorixonalarning filiallari, davolash-profilaktika muassasalarining dorixonalari ham dorixonalar jumlasiga kiradi.
Dorixonalar sanitariya va gigiyena ashyolarini, shifobaxsh oziqlantirish mahsulotlarini, maʼdanli suvlarni, shuningdek davolash-kosmetika mahsulotlarini, biologik faol qoʻshimchalarni realizatsiya qilishni ularning qoʻllanilishi va realizatsiya qilinishi uchun tegishli hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshirishi mumkin.
Dorixona mudiri oliy tibbiy yoki oliy farmatsevtika maʼlumotiga ega boʻlishi kerak.
Dorixona filialining mudiri farmatsevtik maʼlumotga ega boʻlishi kerak.
Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni tayyorlash, berish, realizatsiya qilish qoidalariga va ularning sifatini taʼminlovchi saqlash sharoitlariga dorixonalar tomonidan rioya etilishi kerak.
Dorixonalar sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga javob berishi kerak.
