20-modda. Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish
“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-399-son) · Sana: 04.01.2016 · Amalda
Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni (oftalmologiya tibbiy buyumlaridan tashqari) chakana realizatsiya qilish faqat dorixonalar hamda ularning filiallari tomonidan amalga oshiriladi.
Dori vositalarini chakana realizatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakldagi retseptlar boʻyicha yoki retseptsiz amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki dorixonalar tomonidan tayyorlangan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishga ruxsat beriladi.
Sifatsiz, qalbakilashtirilgan, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish taqiqlanadi.
Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
