13-modda. Farmakologik nazorat
“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-399-son) · Sana: 04.01.2016 · Amalda
Farmakologik nazorat dori vositasidan uning qoʻllanilishiga doir yoʻriqnomaga muvofiq foydalanilganda odamda kuzatiladigan, organizm uchun bexosdan va noxush taʼsir koʻrsatadigan nojoʻya reaksiyalarni aniqlashga, baholashga va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyatdir.
Davolash-profilaktika muassasalari, dorixonalar hamda dori vositalarini ishlab chiqaruvchi, realizatsiya qiluvchi va qoʻllovchi tashkilotlar dori vositalarining qoʻllanilishi chogʻida nojoʻya reaksiyalar aniqlangan barcha holatlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligini yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi dori vositalarining qoʻllanilishi chogʻida aniqlangan nojoʻya reaksiyalarga baho beradi, baholash jarayonida nojoʻya reaksiyaning klinik koʻrinishlari va dori vositasining qoʻllanilishi oʻrtasidagi sabab-oqibat bogʻlanishlari, shuningdek kutilayotgan foydaning dori vositalari qoʻllanilishining ehtimol tutilgan xavfiga nisbati aniqlanadi.
Kutilayotgan foydaning dori vositalari qoʻllanilishining ehtimol tutilgan xavfiga nisbatining oʻzgarishiga taʼsir etuvchi faktlar aniqlangan taqdirda ishlab chiqaruvchilar va ularning vakillari salbiy oqibatlarni bartaraf etishga, odamning hayotiga yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilishining oldini olishga, bunday dori vositalarining qoʻllanilishidan muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni koʻrishi shart.
Dori vositasi qoʻllanilganda dori vositasining xavfsizligi va samaradorligiga doir belgilangan talablarga uning nomuvofiqligi toʻgʻrisidagi dalillar aniqlangan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bunday dori vositasini muomaladan chiqarish yoki uning qoʻllanilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi.
