“Veterinariya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-397-son)
29.12.2015
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Qonunchilik palatasi tomonidan 2015-yil 5-oktabrda qabul qilingan Senat tomonidan 2015-yil 4-dekabrda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 3-sentabrda qabul qilingan “Veterinariya toʻgʻrisida”gi 935-XII-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 9, 335-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 6, 118-modda; 1997-yil, № 4-5, 126-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-yil, № 12, 472-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda) oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
3-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 29-dekabr,
OʻRQ-397-son
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Veterinariya toʻgʻrisida
(yangi tahriri)
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi veterinariya sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Veterinariya toʻgʻrisidagi qonunchilik
Veterinariya toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining veterinariya toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
biologik chiqindilar — hayvonlarning jasadlari, veterinariya-sanitariya jihatidan xavfli deb topilgan, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyo, veterinariyaga oid biologik sanoat chiqindilari;
veterinariya — hayvonlarning hayoti va sogʻligʻi muhofaza qilinishini, hayvonlar kasalliklari paydo boʻlishining, tarqalishining oldini olishni va ularni tugatishni, aholini hayvonlar va odam uchun umumiy boʻlgan kasalliklardan muhofaza qilishni, Oʻzbekiston Respublikasi hududini hayvonlarning yuqumli kasalliklari olib kirilishidan muhofaza qilishni taʼminlashga, hayvonlarga veterinariya xizmati koʻrsatilishini amalga oshirishga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududining veterinar osoyishtaligini, davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarning veterinariya, veterinariya-sanitariya xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan ilmiy va amaliy faoliyat sohasi;
veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalari — veterinariya sohasidagi talablarni belgilovchi, davlat organlari va boshqa organlar, yuridik va jismoniy shaxslar rioya etishi shart boʻlgan hujjatlar;
veterinariya dori vositalari — kelib chiqishi tabiiy va sintetik boʻlgan dori moddalaridan (substansiyalardan) yoki dori moddalarining (substansiyalarning) aralashmasidan olingan, hayvonlar kasalliklari profilaktikasi, ularga tashxis qoʻyish va ularni davolash, shuningdek hayvonlar organizmining holati va funksiyalarini oʻzgartirish uchun moʻljallangan vositalar;
veterinar osoyishtalik — hayvonlarning sogʻligʻiga salbiy omillarning zararli taʼsirlari, epizootiya mavjud boʻlmagan, shuningdek hayvonlarning yashashi uchun qulay shart-sharoitlar taʼminlanadigan holat;
davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlar — hayvonlar, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyo, veterinariya dori vositalari, mikroorganizmlar shtammlari, ozuqalar va ozuqabop qoʻshimchalar, veterinariya texnika vositalari, shuningdek bozorlarda realizatsiya qilinadigan oʻsimlik oziq-ovqat mahsulotlari;
kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot — goʻsht va goʻsht mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari, baliq va baliq mahsulotlari, tuxum va tuxum mahsulotlari, shuningdek asalarichilik mahsulotlari;
kelib chiqishi hayvonotga mansub xom ashyo — hayvonlardan olinadigan, qayta ishlashga moʻljallangan mahsulotlar;
nobop punkt — hayvonlar yuqumli kasalliklarining oʻchogʻi aniqlangan hudud;
ozuqa — hayvonlarni oziqlantirish uchun foydalaniladigan, kelib chiqishi oʻsimlik va hayvonotga mansub mahsulotlar;
ozuqabop qoʻshimchalar — hayvonlar ratsionida yetishmaydigan ozuqaviy va mineral moddalar hamda vitaminlarning manbalari sifatida foydalaniladigan, kelib chiqishi organik, mineral va sintetik moddalar;
cheklovchi tadbirlar (karantin) — hayvonlar yuqumli kasalliklari oʻchoqlarining doirasi kengayib ketishiga yoʻl qoʻymaslikka va ularni tugatishga, ular tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xoʻjalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakati cheklanishini nazarda tutuvchi maʼmuriy, epizootiyaga qarshi chora-tadbirlar hamda boshqa chora-tadbirlar;
epizootiya — tegishli hududda hayvonlarning oʻta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklari tarqalishi;
epizootiyaga qarshi tadbirlar — epizootiyaning oldini olishga, uni aniqlashga yoki tugatishga doir tashkiliy va maxsus veterinariya tadbirlari tizimi;
hayvonlarning yuqumli kasalliklari — paydo boʻlishiga hayvonlarga kasalliklarning qoʻzgʻatuvchilari taʼsiri sabab boʻladigan, tarqalishi hamda boshqa hayvonlarga va odamga oʻtishi ehtimoli mavjud boʻlgan kasalliklar.
2-bob. Veterinariya va veterinar osoyishtalikni taʼminlash sohasini davlat tomonidan tartibga solish
4-modda. Veterinariya sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Veterinariya sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
veterinariya sohasidagi tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
davlat tomonidan veterinariya sohasidagi normalarni belgilash;
davlat veterinariya nazoratini amalga oshirish;
veterinariya sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining veterinariya sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
veterinariya sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
veterinariya sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
profilaktikasi, tashxis qoʻyilishi va tugatilishi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan Hayvonlarning oʻta xavfli yuqumli kasalliklari roʻyxatini tasdiqlaydi;
hayvonlarning va odamning sogʻligʻi uchun xavf tugʻdiradigan va bunda hayvonlar, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyo olib qoʻyiladigan hamda yoʻq qilib tashlanadigan Hayvonlarning kasalliklari roʻyxatini tasdiqlaydi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining veterinariya sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
6-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining veterinariya sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
veterinariya sohasidagi davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadi;
veterinariya sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
tegishli hududda veterinar osoyishtalikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni koʻradi;
epizootiyaga qarshi tadbirlarni oʻtkazishda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining tegishli hududiy boʻlinmalari faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi (bundan buyon matnda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi deb yuritiladi):
veterinariya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
veterinariya sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqadi hamda ularni amalga oshirishda ishtirok etadi;
veterinariya sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
davlat veterinariya nazoratini amalga oshiradi;
davlat veterinariya xizmatining hududiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
veterinariya sohasidagi faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi hamda tadbirlar va dasturlarni roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi organlar hamda muassasalarning, shuningdek davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining ushbu sohadagi hamkorligini muvofiqlashtirib boradi;
tegishli davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda epizootiyaga qarshi tadbirlar oʻtkazilishini taʼminlaydi;
veterinar osoyishtalikni taʼminlash, hayvonlar yuqumli kasalliklarini erta aniqlash, ularga tashxis qoʻyish va ular tarqalishining oldini olishga doir profilaktika ishlarining samaradorligi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi;
mamlakat hududi hayvonlarning yuqumli kasalliklari olib kirilishidan muhofaza qilinishini, hayvonlar sogʻligʻini profilaktika qilish va davolashning zamonaviy usullari joriy etilishini, veterinariya dori vositalarining mahalliy hamda xorijiy ilm-fan yutuqlarini joriy etishga asoslangan yangi turlari va shakllari ishlab chiqarilishini taʼminlaydi;
veterinariya faoliyatini litsenziyalashni amalga oshiradi veterinariya davolash-profilaktika faoliyatini boshlaganlik toʻgʻrisidagi xabarnomalarni qabul qiladi va ularning reyestrini yuritadi;
davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarning Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilishiga va Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqilishiga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzitiga belgilangan tartibda ruxsatnoma beradi;
mahalliy va import qilinadigan veterinariya dori vositalari hamda ozuqabop qoʻshimchalarni roʻyxatdan oʻtkazishni va ularga roʻyxatdan oʻtkazilganlik guvohnomalarini berishni amalga oshiradi;
veterinariya sohasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha chora-tadbirlarni tizimli asosda oʻz vaqtida ishlab chiqishni va sifatli amalga oshirishni tashkil etishni taʼminlaydi;
idoraviy hamda ishlab chiqarishdagi veterinariya xizmatining hayvonlarni kasalliklardan himoya qilish, hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyo xavfsizligini taʼminlashga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi;
veterinariya sohasida ilmiy, uslubiy va taʼlim salohiyati har tomonlama rivojlantirilishini, ilmiy tadqiqotlar yoʻnalishlari belgilanishini, fundamental va amaliy tadqiqotlar, innovatsiya ishlanmalarining veterinariya amaliyotiga joriy etilishini muvofiqlashtiradi;
kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, rahbariyatning hamda mutaxassislarning ish uslubi hamda shakllarini takomillashtirish, shu jumladan tuzilmaviy boʻlinmalarning oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalar oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishi yuzasidan masʼuliyatini oshirish tizimini tashkil etadi;
xalqaro hamkorlikni amalga oshirishda ishtirok etadi, xalqaro veterinariya tashkilotlarida Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlarini ifodalaydi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
8-modda. Veterinariya tadbirlarini oʻtkazishda fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolarning ishtirok etishi
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari:
veterinariya sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy dasturlarni va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
tegishli hududda veterinariya sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
tegishli hudud aholisini epizootiya va nobop punkt toʻgʻrisida xabardor etadi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qonunchilikka muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar veterinar osoyishtalikni taʼminlashda ishtirok etuvchi davlat organlariga va boshqa organlarga koʻmaklashishi hamda zarur yordam koʻrsatishi mumkin.
3-bob. Veterinariya tizimi va uni boshqarish
9-modda. Veterinariya xizmati tizimi
Veterinariya xizmati tizimi davlat, idoraviy va ishlab chiqarishdagi veterinariya xizmatlaridan iboratdir.
10-modda. Davlat veterinariya xizmatini boshqarish
Davlat veterinariya xizmati Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasidan, viloyatlar hamda Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalaridan, Davlat chegarasidagi va transportdagi davlat veterinariya nazorati boshqarmasidan, tumanlar (shaharlar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimlaridan, laboratoriyalardan, Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazidan, Veterinariya dori vositalari, ozuqabop qoʻshimchalar sifati va muomalasi nazorati boʻyicha Davlat ilmiy markazidan, Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutidan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, uning akademik litseyidan, shuningdek veterinariya uchastkalaridan, bozorlardagi veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyalaridan, chegara va transportdagi veterinariya punktlaridan (uchastkalaridan) hamda boshqa muassasalardan iboratdir.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasiga rais boshchilik qiladi. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining mansabdor shaxslari quyidagi tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi:
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining raisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisi bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalarining boshliqlari viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasiga binoan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
tumanlar (shaharlar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimlari boshliqlari tegishincha tumanlar va shaharlar hokimlarining taqdimnomasiga binoan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalarining boshliqlari tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi;
Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazining, Veterinariya dori vositalari, ozuqabop qoʻshimchalar sifati va muomalasi nazorati boʻyicha davlat ilmiy markazining, Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutining, Davlat chegarasidagi va transportdagi davlat veterinariya nazorati boshqarmasining, shuningdek chegara va transportdagi veterinariya punktlarining (uchastkalarining) rahbarlari Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi.
Davlat veterinariya xizmatining boshqa muassasalari rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalari Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasiga, shuningdek tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hisobdordir.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
11-modda. Davlat veterinariya xizmatining vazifalari
Davlat veterinariya xizmati:
a) epizootik monitoringni amalga oshiradi;
b) hayvonlar kasalliklarining paydo boʻlishi va ularning nobud boʻlishi sabablarini tahlil qiladi, ushbu kasalliklar profilaktikasi hamda ularni davolash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
v) quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha davlat veterinariya nazoratini amalga oshiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi hududini hayvonlarning yuqumli kasalliklarini qoʻzgʻatuvchilar olib kirilishidan muhofaza qilish, shuningdek hayvonlar, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyo, veterinariya dori vositalari, ozuqalar va ozuqabop qoʻshimchalarni tayyorlash, olib oʻtish (tashish), eksport va import qilish;
hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoni veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq ishlab chiqarish;
g) hayvonlar yuqumli kasalliklarining oldini olish va ularni tugatishga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
d) sogʻliqni saqlash organlari va boshqa organlar bilan birgalikda hayvonlar va odam uchun xavfli boʻlgan yuqumli kasalliklar oʻchoqlarini tugatadi, shuningdek oʻzaro axborot almashishni amalga oshiradi;
e) barcha chorvachilik obyektlarining, kushxonalarning, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoni qayta ishlovchi korxonalarning, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoni realizatsiya qiladigan va saqlaydigan savdo shoxobchalarining, omborlarning veterinariya-sanitariya holatini nazorat qiladi, bu obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishning, shuningdek yer qazish ishlarining veterinariya ekspertizasini amalga oshiradi;
j) hayvonlar kasalliklariga tashxis qoʻyish, ozuqalarning, shuningdek chorvachilik obyektlarida ichimlik suvining sifatini baholash maqsadida laboratoriya tekshiruvlari hamda boshqa tekshiruvlar oʻtkazadi;
z) yuridik va jismoniy shaxslardan hayvonlarning yuqumli kasalliklari tarqalishining oldini olishni hamda ularning tugatilishini taʼminlovchi chora-tadbirlar oʻtkazilishini, shuningdek epizootik vaziyatni aniqlash uchun zarur boʻlgan axborot taqdim etilishini talab qiladi;
i) hayvonlarning va odamning sogʻligʻi uchun xavf tugʻdiradigan hayvonlarning kasalligi aniqlangan taqdirda, hayvonlarni soʻyishga yoki yoʻq qilib tashlashga, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoni zararsizlantirishga (yuqumsizlantirishga), qayta ishlashga yoki utilizatsiya qilishga taalluqli, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan talablarni belgilaydi;
k) davlat va idoraviy veterinariya xizmatlari veterinariya mutaxassislarining faoliyatini nazorat qiladi hamda muvofiqlashtirib boradi, shuningdek belgilangan talablar va shartlarga xususiy veterinariya faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari, jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi ustidan nazoratni belgilangan tartibda amalga oshiradi;
l) veterinariya sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga koʻmaklashadi.
12-modda. Davlat veterinariya inspektorlari
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining raisi — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat veterinariya inspektoridir, uning oʻrinbosarlari — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat veterinariya inspektorining oʻrinbosarlaridir (bundan iqtisodiy masalalar boʻyicha rais oʻrinbosari mustasno), Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining, Davlat chegarasidagi va transportdagi davlat veterinariya nazorati boshqarmasining veterinar mutaxassislari — oʻz vakolatlari doirasida davlat veterinariya inspektorlaridir.
Davlat chegarasidagi va transportdagi davlat veterinariya nazorati boshqarmasi boshligʻi — davlat chegarasidagi va transportdagi bosh davlat veterinariya inspektori, uning oʻrinbosarlari — davlat chegarasidagi va transportdagi bosh davlat veterinariya inspektorining oʻrinbosarlari hisoblanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining raisi, viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalarining boshliqlari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh davlat veterinariya inspektorlaridir, ularning oʻrinbosarlari — tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh davlat veterinariya inspektorlarining oʻrinbosarlaridir.
Tumanlar (shaharlar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimlarining boshliqlari tegishli tumanlarning (shaharlarning) bosh davlat veterinariya inspektorlari hisoblanadi.
Veterinariya uchastkalarining va bozorlardagi veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyalarining mudirlari tegishli uchastkalardagi va bozorlardagi davlat veterinariya inspektorlari hisoblanadi.
Chegara va transport veterinariya punktlarining (uchastkalarining) boshliqlari hamda veterinar vrachlari tegishli chegara va transport veterinariya punktlarining (uchastkalarining) davlat veterinariya inspektorlari hisoblanadi.
13-modda. Davlat veterinariya inspektorlarining vakolatlari
Bosh davlat veterinariya inspektorlari, ularning oʻrinbosarlari va davlat veterinariya inspektorlari oʻz vakolatlari doirasida:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, yuridik va jismoniy shaxslarga zarur veterinariya, veterinariya-sanitariya tadbirlari va epizootiyaga qarshi tadbirlar oʻtkazish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi;
hayvonlarning va odamning sogʻligʻi uchun xavf tugʻdiradigan kasalliklarga chalingan hayvonlar aniqlangan hollarda, ushbu hayvonlarni soʻyish yoki yoʻq qilib tashlash toʻgʻrisida, shuningdek isteʼmolga yaroqsiz deb topilgan, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoni yoʻq qilib tashlash, qayta ishlash yoki ushbu mahsulot va xom ashyodan oʻzgacha tarzda foydalanish haqida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi;
davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi obyektlarga qonunchilikda belgilangan tartibda kiradi va veterinariya toʻgʻrisidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi;
temir yoʻl vagonlarining, kemalarning, samolyotlarning va boshqa transport vositalarining holati veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalariga nomuvofiqligi aniqlangan taqdirda ulardan foydalanishni taqiqlaydi;
veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarining buzilishlari aniqlangan taqdirda chorvachilik obyektlaridan, goʻsht va sut sanoati korxonalaridan, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoni qayta ishlovchi hamda saqlovchi korxonalardan foydalanishni taqiqlaydi;
veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarining buzilishlari aniqlangan taqdirda chorvachilik fermalarida, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoni qayta ishlovchi hamda saqlovchi korxonalarda yangi qurilgan, tiklangan va rekonstruksiya qilingan obyektlarni ishga tushirishni toʻxtatib turadi;
hayvonlarning egalari tomonidan, shuningdek kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoni qayta ishlash, saqlash hamda ularning savdosi bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar tomonidan veterinariya toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
chegaraoldi tumanlarda, qoʻshni davlatlarda yuzaga kelgan epizootik vaziyat toʻgʻrisida tegishli organlar va tashkilotlarni xabardor qiladi, tegishli veterinariya tadbirlarini amalga oshiradi hamda zarur tavsiyalar beradi;
veterinariya dori vositalari, ozuqabop qoʻshimchalar ishlab chiqarilishini hamda ulardan chorvachilikda va veterinariyada foydalanilishini nazorat qiladi, ularning hayvonlar sogʻligʻiga va kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot hamda xom ashyo sifatiga taʼsirini baholaydi;
hayvonlarning yuqumli kasalliklari oʻchoqlari aniqlangan taqdirda tegishli hududlarni nobop punktlar deb eʼlon qilish va ularda cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etish toʻgʻrisida, shuningdek hayvonlarning yuqumli kasalliklari oʻchoqlari tugatilganidan keyin cheklovchi tadbirlarni (karantinni) bekor qilish haqida tegishli davlat organlariga taqdimnoma kiritadi;
veterinariya toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga va boshqa shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy jazo choralarini koʻradi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga koʻra tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini oʻn ish kunidan koʻp boʻlgan muddatga cheklash, toʻxtatib turish va taqiqlash sud tartibida amalga oshiriladi.
Bosh davlat veterinariya inspektorlari, ularning oʻrinbosarlari va davlat veterinariya inspektorlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
14-modda. Idoraviy veterinariya xizmati
Idoraviy veterinariya xizmati veterinariya nazorati va veterinariya xizmati talab qilinadigan vazirliklar hamda idoralar tasarrufidagi xizmatdir.
Idoraviy veterinariya xizmati oʻz faoliyatini qonunchilikka muvofiq amalga oshiradi. Idoraviy veterinariya xizmati faoliyatini uslubiy jihatdan taʼminlash Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
15-modda. Idoraviy veterinariya xizmati veterinariya mutaxassislarining huquq va majburiyatlari
Idoraviy veterinariya xizmatining veterinariya mutaxassislari:
idoraviy veterinariya nazorati obyektlariga moneliksiz kirish va veterinariya toʻgʻrisidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish;
idoraga qarashli muassasalar va tashkilotlardan veterinariya toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan, yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish va ularni tugatishni taʼminlaydigan chora-tadbirlar oʻtkazilishini, shuningdek epizootik vaziyatni aniqlash uchun zarur boʻlgan axborot taqdim etilishini talab qilish;
veterinariya toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor mansabdor shaxslarni hamda boshqa xodimlarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish haqida idoraga qarashli muassasalar va tashkilotlar rahbariyatiga koʻrib chiqish uchun taqdimnoma kiritish huquqiga ega.
Idoraviy veterinariya xizmatining veterinariya mutaxassislari:
xizmat koʻrsatilayotgan korxonalarda, muassasalarda va tashkilotlarda epizootiyaga qarshi tadbirlarni, davolash, veterinariya-sanitariya tadbirlarini oʻtkazishi;
idoraviy veterinariya nazoratini hamda kelib chiqishi hayvonotga va oʻsimlikka mansub mahsulotning, xom ashyoning veterinariya-sanitariya ekspertizasi oʻtkazilishini amalga oshirishi;
hayvonlar oʻta xavfli yuqumli kasalliklarga chalinganligi xususida shubha mavjud boʻlgan taqdirda bu haqda davlat veterinariya xizmatiga zudlik bilan xabar qilishi va kasallik doirasi kengayib ketmasligi yuzasidan barcha zarur chora-tadbirlarni koʻrishi;
belgilangan tartibda veterinariyaga oid statistika hisobotini yuritish uchun davlat veterinariya xizmatiga axborot taqdim etishi shart.
Idoraviy veterinariya xizmatining veterinariya mutaxassislari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va ularning zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
16-modda. Ishlab chiqarishdagi veterinariya xizmatlari
Faoliyati chorvachilikni tashkil etish va yuritish, hayvonlarni saqlash, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoni, ozuqalarni, ozuqabop qoʻshimchalarni hamda hayvonlarni davolash uchun moʻljallangan veterinariya dori vositalarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, tashish va realizatsiya qilish bilan bogʻliq boʻlgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar tomonidan oʻz mablagʻlari hisobidan ishlab chiqarishdagi veterinariya xizmatlari tashkil etilishi mumkin.
Ishlab chiqarishdagi veterinariya xizmatlarining veterinariya mutaxassislari:
korxonaning, muassasaning, tashkilotning rahbaridan veterinariya toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan, yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish va ularni tugatishni taʼminlaydigan chora-tadbirlar oʻtkazilishini, shuningdek epizootik vaziyatni aniqlash uchun zarur boʻlgan axborot taqdim etilishini talab qilishi;
xizmat koʻrsatilayotgan korxonalarda, muassasalarda va tashkilotlarda epizootiyaga qarshi tadbirlarni, davolash, veterinariya-sanitariya tadbirlarini oʻtkazishi;
hayvonlar oʻta xavfli yuqumli kasalliklarga chalinganligi xususida shubha mavjud boʻlgan taqdirda bu haqda davlat veterinariya xizmatiga zudlik bilan xabar qilishi va kasallik doirasi kengayib ketmasligi yuzasidan barcha zarur chora-tadbirlarni koʻrishi;
epizootiya paydo boʻlgan taqdirda davlat veterinariya xizmatining koʻrsatmalariga binoan veterinariya tadbirlarini oʻtkazishi shart.
Ishlab chiqarishdagi veterinariya xizmatlarining veterinariya mutaxassislari zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
17-modda. Xususiy veterinariya faoliyati
Yuridik va jismoniy shaxslar qonunchilikka muvofiq xususiy veterinariya faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Xususiy veterinariya faoliyatini amalga oshirish uchun (bundan veterinariya davolash-profilaktika faoliyati mustasno) yuridik va jismoniy shaxslar — tadbirkorlik subyektlari Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi tomonidan beriladigan litsenziyaga ega boʻlishi shart.
Xususiy veterinariya faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari:
hayvonlarni kasallanishdan saqlash maqsadida emlash tadbirlari oʻtkazish, shuningdek hayvonlarning egalariga maslahat berish;
veterinariya dori va texnika vositalarini, ozuqabop qoʻshimchalarni ishlab chiqarish, tayyorlash va realizatsiya qilish bilan shugʻullanish huquqiga ega.
Xususiy veterinariya faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari:
hayvonlarda yuqumli kasallik borligi xususida shubha mavjud boʻlgan taqdirda bu haqda davlat veterinariya xizmatiga zudlik bilan xabar qilishi va kasallik doirasi kengayib ketmasligi yuzasidan barcha zarur chora-tadbirlarni koʻrishi;
epizootiya paydo boʻlgan taqdirda davlat veterinariya xizmatining koʻrsatmalariga binoan veterinariya tadbirlarini oʻtkazishi shart.
Xususiy veterinariya faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va ularning zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
4-bob. Hayvonlar, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot hamda xom ashyo egalarining huquq va majburiyatlari
18-modda. Hayvonlar, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyo egalarining huquqlari
Hayvonlarning, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoning egalari:
veterinariya xizmati koʻrsatilishi toʻgʻrisida tegishli veterinariya xizmatlari, shuningdek xususiy veterinariya faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari bilan shartnomalar tuzish;
hayvonlarning kasallikka chalinishi holati, epizootik vaziyat toʻgʻrisida, shuningdek hayvonlarda, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoda oʻtkazilgan maxsus tekshirishlar natijalari haqida veterinariya xizmatidan axborot olish;
hayvonlarni, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoni, ozuqalarni, ozuqabop qoʻshimchalarni, veterinariya dori va texnika vositalarini veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq olish hamda realizatsiya qilish, shu jumladan xorijda olish va realizatsiya qilish;
davlat organlari va boshqa organlarning qonunga xilof qarorlari, ushbu organlar mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga yoxud bevosita sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
Hayvonlarning, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoning egalari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
19-modda. Hayvonlar, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyo egalarining majburiyatlari
Hayvonlarning, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoning egalari:
veterinariya toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
davlat veterinariya xizmatining koʻrsatmalarini bajarishi;
oʻzlariga tegishli hayvonlar kasalliklarining oldini olishga qaratilgan tashkiliy-xoʻjalik va veterinariya tadbirlarini oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshirishi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan tadbirlar mustasno;
kasal hayvonni davolatishi, zarur boʻlgan hollarda, tegishli davlat veterinariya inspektorining koʻrsatmasiga koʻra uning soʻyilishini yoki yoʻq qilib tashlanishini belgilangan tartibda taʼminlashi;
hayvonlarning toʻsatdan nobud boʻlganligi yoki gʻayriodatiy xatti-harakati faktlari toʻgʻrisida mazkur hududga xizmat koʻrsatuvchi davlat veterinariya xizmatini zudlik bilan xabardor qilishi;
hayvonlarni yuqumli kasalliklardan muhofaza etish boʻyicha tegishli karantin tadbirlari va boshqa veterinariya tadbirlari oʻtkazilishini, shuningdek toʻliq hajmda davolash-profilaktika ishlovlari oʻtkazilishini taʼminlashi;
chorvachilik binolarini hamda hayvonlarni, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoni saqlash uchun moʻljallangan boshqa inshootlarni veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq saqlashi;
chorvachilik binolarida va boshqa obyektlarda dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiyani oʻz vaqtida oʻtkazishi;
hayvonlarni, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoni veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalariga rioya etgan holda realizatsiya qilishni amalga oshirishi;
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilmagan veterinariya dori vositalarini va ozuqabop qoʻshimchalarni chorvachilikda qoʻllamasligi;
hayvonlarni soʻyishga doir veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalariga rioya etishi shart.
Hayvonlar, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyo egalarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
5-bob. Veterinar osoyishtalikni va davlat veterinariya nazoratini taʼminlash
20-modda. Profilaktika, tashxis qoʻyish va davolash tadbirlari
Profilaktika tadbirlari hayvonlarning yuqumli kasalliklari paydo boʻlishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgandir.
Tashxis qoʻyish tadbirlari hayvonlar kasalliklarini qoʻzgʻatuvchilarning manbalarini, ularning hayvonlarga va odamga oʻtishi omillarini aniqlash, shuningdek profilaktika hamda davolash tadbirlari samaradorligini baholash maqsadida oʻtkaziladi.
Davolash tadbirlari hayvonlarning hayoti va sogʻligʻini saqlab qolishga, davolash-profilaktika taʼsiriga ega boʻlgan veterinariya dori vositalari hamda ozuqabop qoʻshimchalar qoʻllanilishini nazarda tutadigan muolajalardan foydalangan holda hayvonlarning mahsuldorligini saqlash va oshirishga qaratilgandir.
21-modda. Laboratoriya tekshiruvlari
Laboratoriya tekshiruvlari:
veterinariya va veterinariya-sanitariya ekspertizasi xulosalarini tayyorlash maqsadida;
davlat veterinariya nazoratini amalga oshirishda;
hayvonning sogʻligʻi holatini aniqlash, davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlar va biologik chiqindilarning veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari hamda normalarida belgilangan talablarga muvofiqligini baholash maqsadida;
ilmiy-tadqiqot maqsadlarida oʻtkaziladi.
Veterinariya sohasidagi laboratoriya tekshiruvlari belgilangan tartibda davlat veterinariya laboratoriyalari va boshqa veterinariya laboratoriyalari tomonidan oʻtkaziladi.
Veterinariya laboratoriya-tashxis qoʻyish ishlari yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan litsenziya asosida amalga oshiriladi.
22-modda. Davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni ishlab chiqarish va ularning muomalada boʻlishi chogʻidagi veterinariya talablari
Davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni ishlab chiqarish veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalariga mos keladigan ishlab chiqarish obyektlarida amalga oshirilishi kerak.
Bozorlarda, savdo tashkilotlarida va boshqa savdo obyektlarida kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoni, shuningdek bozorlarda realizatsiya qilinadigan oʻsimlik oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilish, saqlash hamda realizatsiya qilish veterinariya-sanitariya ekspertizasi xulosasi asosida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalada boʻlgan veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʻshimchalar veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari hamda normalariga muvofiq boʻlishi kerak.
Veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʻshimchalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish qonunchilikda belgilangan tartibda, ularning veterinariya ekspertizasi va sinovi natijalariga koʻra amalga oshiriladi.
Veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʻshimchalarni ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, ulardan foydalanish hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish faqat ular Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin amalga oshiriladi.
23-modda. Biologik chiqindilarning muomalada boʻlishi va yoʻq qilib tashlanishi chogʻidagi veterinariya talablari
Biologik chiqindilar faqat ularning veterinariya jihatidan xavfsizligini tasdiqlovchi veterinariya-sanitariya ekspertizasi natijalariga koʻra muomalaga qoʻyiladi yoki yoʻq qilib tashlanadi, bundan chorvachilik chiqindilari mustasno.
24-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududini hayvonlarning yuqumli kasalliklari olib kirilishidan muhofaza qilish
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali olib oʻtilayotgan davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlar davlat veterinariya nazoratidan oʻtkazilishi shart.
Epizootik jihatdan osoyishta boʻlgan boshqa davlatlardan davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarning Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilishiga va Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqilishiga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzitiga veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalariga rioya etilgan holda yoʻl qoʻyiladi.
Davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasida joylashgan chegara veterinariya punktlari (uchastkalari) orqali olib oʻtiladi.
Boshqa davlatlar hududida hayvonlarning oʻta xavfli yuqumli kasalliklari, hayvonlarning kelib chiqish sabablari nomaʼlum boʻlgan yalpi kasalliklari va hayvonlarning ilgari qayd etilmagan yuqumli kasalliklari paydo boʻlgan taqdirda davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni olib oʻtishga taqiq, cheklov joriy etish hamda ularni olib oʻtishni tiklash toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat veterinariya inspektori tomonidan qabul qilinadi.
Davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni olib kirishdan oldin yuridik va jismoniy shaxslar eksport va tranzit qiluvchi mamlakatlardagi epizootik vaziyat toʻgʻrisida davlat veterinariya xizmatidan bepul axborot olish huquqiga ega.
25-modda. Davlat veterinariya nazorati obyektlari
Quyidagilar davlat veterinariya nazorati obyektlari jumlasiga kiradi:
hayvonlar, ularning jinsiy va somatik hujayralari;
hayvonlarning yuqumli kasalliklarini qoʻzgʻatuvchilar;
kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyo, bozorlarda realizatsiya qilinadigan oʻsimlik oziq-ovqat mahsulotlari, veterinariya dori va texnika vositalari, ozuqalar va ozuqabop qoʻshimchalar, patologik material, biologik chiqindilar, shuningdek suv, havo va tuproq namunalari;
hayvonlarning yuqumli kasalliklarini qoʻzgʻatuvchilarni yuqtirish omillari boʻlishi mumkin boʻlgan transport vositalari, idishlar, joylash-oʻrash materiallari;
yuridik va jismoniy shaxslarning veterinariya sohasidagi faoliyati;
davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni yetishtiradigan, tayyorlaydigan, ishlab chiqaradigan, saqlaydigan, qayta ishlaydigan, tashiydigan, realizatsiya qiladigan yoki ulardan foydalanadigan yuridik va jismoniy shaxslarning hududlari hamda ishlab chiqarish binolari;
hayvonlar haydab oʻtiladigan yoʻllar, yoʻnalishlar, biotermik oʻralar, hayvonot qabristonlari, hayvonlar boqiladigan yaylovlarning va sugʻoriladigan joylarning hududlari;
veterinariya hisobi va hisoboti boʻyicha hujjatlar;
veterinariya dalolatnomalari, litsenziyalari, ruxsatnomalari, maʼlumotnomalari, guvohnomalari va sertifikatlari;
davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni ishlab chiqarish, tayyorlash (soʻyish), saqlash va qayta ishlashga doir normativ-texnik hujjatlar.
26-modda. Epizootik monitoring
Epizootik monitoring hayvonlar yuqumli kasalliklarini qoʻzgʻatuvchilarni aniqlash boʻyicha axborotni tizimli ravishda yigʻish va ishlovdan oʻtkazishdir.
Epizootik monitoring davlat veterinariya xizmati tomonidan quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
epizootik vaziyatni prognoz qilish, hayvonlarning yuqumli kasalliklari va ushbu kasalliklarni qoʻzgʻatuvchilar tarqalishini cheklash boʻyicha tadbirlar majmuini ishlab chiqish;
cheklovchi tadbirlarni (karantinni) belgilash yoki bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
faoliyati hayvonlarni saqlash, soʻyish, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoni qayta ishlash bilan bogʻliq boʻlgan korxonalardagi, muassasalardagi hamda tashkilotlardagi epizootik vaziyatni xoʻjalik faoliyati xavfsiz amalga oshirilishi uchun aniqlash;
xalqaro savdo-sotiq va davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni tashish uchun mamlakatdagi epizootik vaziyatni aniqlash.
27-modda. Davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni olib qoʻyish, yoʻq qilib tashlash, zararsizlantirish (yuqumsizlantirish) va qayta ishlash
Hayvonlarning va odamning sogʻligʻi uchun xavf tugʻdiradigan hayvonlar, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyo ularning xavflilik darajasiga qarab veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalariga koʻra majburiy ravishda olib qoʻyilishi hamda yoʻq qilib tashlanishi yoxud olib qoʻyilmagan holda majburiy ravishda zararsizlantirilishi (yuqumsizlantirilishi) va qayta ishlanishi shart.
Hayvonlarning va odamning sogʻligʻi uchun xavf tugʻdiradigan va bunda hayvonlar, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyo olib qoʻyiladigan hamda yoʻq qilib tashlanadigan Hayvonlarning kasalliklari roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hayvonlarning va odamning sogʻligʻi uchun xavf tugʻdiradigan va bunda hayvonlar, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot hamda xom ashyo, veterinariya dori vositalari, ozuqalar va ozuqabop qoʻshimchalar olib qoʻyilmagan holda zararsizlantiriladigan (yuqumsizlantiriladigan) hamda qayta ishlanadigan Hayvonlar kasalliklarining roʻyxati Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
28-modda. Hayvonlar yuqumli kasalliklarining oʻchoqlari aniqlangan chogʻdagi cheklovchi tadbirlar (karantin)
Hayvonlar yuqumli kasalliklarining oʻchoqlari aniqlangan hollarda Qoraqalpogʻiston Respublikasining, viloyatlarning, tumanlarning, shaharlarning, shaharchalarning, qishloqlarning, ovullarning muayyan hududlarini nobop punktlar deb eʼlon qilish va ularda cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etish tegishli bosh davlat veterinariya inspektorlarining taqdimnomasiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining qarorlari bilan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat veterinariya inspektorining taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalga oshiriladi.
Belgilangan muddatlar oʻtganidan va hayvonlarning yuqumli kasalliklari oʻchoqlari tugatilganidan keyin, shuningdek zarur veterinariya tadbirlari oʻtkazilganidan soʻng Qoraqalpogʻiston Respublikasining, viloyatlarning, tumanlarning, shaharlarning, shaharchalarning, qishloqlarning, ovullarning muayyan hududlaridagi cheklovchi tadbirlar (karantin) tegishli bosh davlat veterinariya inspektorlarining taqdimnomasiga koʻra cheklovchi tadbirlarni (karantinni) belgilagan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining qarorlari bilan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat veterinariya inspektorining taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan bekor qilinadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
29-modda. Davlat veterinariya xizmatining taʼminoti va moliyalashtirilishi
Davlat veterinariya xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan taʼminlanadi.
30-modda. Davlat veterinariya nazoratini amalga oshirish boʻyicha faoliyatga aralashishga yoʻl qoʻyilmasligi
Davlat veterinariya nazorati organlarining faoliyatiga aralashish, davlat veterinariya nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilish maqsadida ularga har qanday shaklda taʼsir oʻtkazish taqiqlanadi.
31-modda. Nizolarni hal etish
Veterinariya sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
32-modda. Veterinariya toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Veterinariya toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
