18-modda. Hayvonlar, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyo egalarining huquqlari
“Veterinariya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-397-son) · Sana: 29.12.2015 · Amalda
Hayvonlarning, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoning egalari:
veterinariya xizmati koʻrsatilishi toʻgʻrisida tegishli veterinariya xizmatlari, shuningdek xususiy veterinariya faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari bilan shartnomalar tuzish;
hayvonlarning kasallikka chalinishi holati, epizootik vaziyat toʻgʻrisida, shuningdek hayvonlarda, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoda oʻtkazilgan maxsus tekshirishlar natijalari haqida veterinariya xizmatidan axborot olish;
hayvonlarni, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoni, ozuqalarni, ozuqabop qoʻshimchalarni, veterinariya dori va texnika vositalarini veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq olish hamda realizatsiya qilish, shu jumladan xorijda olish va realizatsiya qilish;
davlat organlari va boshqa organlarning qonunga xilof qarorlari, ushbu organlar mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga yoxud bevosita sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
Hayvonlarning, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoning egalari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
