4-modda. Elektron hukumatning asosiy vazifalari
Elektron hukumat toʻgʻrisida (O‘RQ-395-son) · Sana: 09.12.2015 · Amalda
Elektron hukumatning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
davlat organlari faoliyatining samaradorligini, tezkorligini va shaffofligini taʼminlash, ularning masʼuliyatini va ijro intizomini kuchaytirish, aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan axborot almashishni taʼminlashning qoʻshimcha mexanizmlarini yaratish;
ariza beruvchilar uchun mamlakatning butun hududida davlat organlari bilan oʻzaro munosabatlarni elektron hukumat doirasida amalga oshirish boʻyicha imkoniyatlar yaratish;
oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalar doirasida davlat organlarining maʼlumotlar bazalarini, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalini va Elektron davlat xizmatlarining yagona reyestrini shakllantirish;
aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda elektron hujjat aylanishi, davlat organlarining oʻzaro hamkorligi va ularning maʼlumotlar bazalari oʻrtasida axborot almashinuvi mexanizmlarini shakllantirish hisobiga davlat boshqaruvi tizimida “bir darcha” prinsipini joriy etish;
tadbirkorlik subyektlarini elektron hujjat aylanishidan foydalanishga, shu jumladan statistika hisobotini taqdim etish, bojxona rasmiylashtiruvi, litsenziyalar, ruxsatnomalar, sertifikatlar berish jarayonlarida, shuningdek davlat organlaridan axborot olish jarayonlarida elektron hujjat aylanishidan foydalanishga oʻtkazish;
tadbirkorlik subyektlarining elektron tijorat, Internet jahon axborot tarmogʻi orqali mahsulotni sotish va xaridlarni amalga oshirish tizimlaridan foydalanishini, shuningdek kommunal xizmatlarni hisobga olishning, nazorat qilishning va ular uchun haq toʻlashning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etishni kengaytirish;
naqd boʻlmagan elektron toʻlovlar, davlat xaridlarini amalga oshirish, masofadan foydalanish tizimlarini va bank-moliya sohasidagi faoliyatning boshqa elektron shakllarini rivojlantirish.
