3-modda. Asosiy tushunchalar
Elektron hukumat toʻgʻrisida (O‘RQ-395-son) · Sana: 09.12.2015 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
elektron hukumat — davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash yoʻli bilan davlat xizmatlari koʻrsatishga doir faoliyatini, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik qilishni taʼminlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar va texnik vositalar tizimi;
davlat xizmati — ariza beruvchilarning soʻrovlariga koʻra amalga oshiriladigan, davlat organlarining vazifalarini bajarish boʻyicha ular tomonidan koʻrsatiladigan xizmat. Agar qonunchilikka muvofiq davlat xizmatlari koʻrsatish funksiyalari boshqa tashkilotlar zimmasiga yuklatilgan boʻlsa, ular ham davlat xizmatini koʻrsatishlari mumkin;
soʻrov — ariza beruvchining davlat xizmati koʻrsatilishi toʻgʻrisida davlat organlariga yuboriladigan talabi;
ariza beruvchi — davlat organiga soʻrov bilan murojaat etgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
idoralararo elektron hamkorlik qilish — davlat organlari oʻrtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida maʼlumotlar almashish;
elektron hukumatning yagona identifikatorlari — har bir jismoniy va yuridik shaxsga, kadastr va koʻchmas mulk obyektlariga, geografik va boshqa obyektlarga beriladigan, ularni elektron hukumatda identifikatsiyalash imkonini beruvchi noyob kodlar;
elektron davlat xizmatining reglamenti — elektron davlat xizmati koʻrsatishga doir tartibni va talablarni belgilovchi normativ-huquqiy hujjat;
elektron davlat xizmati — axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qoʻllanilgan holda koʻrsatiladigan davlat xizmati.
