27-modda. Idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi, davlat organlarining axborot tizimlari va axborot resurslari hamda ularning majmualari
Elektron hukumat toʻgʻrisida (O‘RQ-395-son) · Sana: 09.12.2015 · Amalda
Idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi elektron davlat xizmatlari koʻrsatish chogʻida davlat organlarining funksiyalari va vazifalarini amalga oshirish maqsadida ularning oʻzaro hamkorligini taʼminlaydi.
Davlat organlari tomonidan axborot tizimlarini va axborot resurslarini yaratish chogʻida idoralararo elektron hamkorlik qilishni taʼminlash uchun elektron hukumatning markaziy maʼlumotlar bazalari bilan ularning integratsiyalashuvi imkoniyati nazarda tutilgan boʻlishi kerak.
Idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi axborotni toʻplashga, saqlashga, unga ishlov berishga, uni uzatishga va almashishga doir talablar asosida ishlaydi.
Davlat organlarida foydalaniladigan hujjatlar elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq, asosan elektron hujjatlar tarzida yaratilishi, joʻnatilishi va saqlanishi kerak.
Idoralararo elektron hamkorlik qilish vositasida uzatiladigan hujjatlarning va axborotning roʻyxati elektron davlat xizmatlarining reglamentlari bilan belgilanadi.
Idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimining ishlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Davlat organlarining elektron hukumatdagi axborot tizimlari va axborot resurslari ushbu organlarning vakolatlari doirasida axborotni toʻplashni, saqlashni, izlashni, unga ishlov berishni, shuningdek undan foydalanishni taʼminlaydi.
Davlat organlarining elektron hukumatdagi axborot tizimlari va axborot resurslari axborotni toʻplashni, saqlashni, izlashni, unga ishlov berishni, shuningdek ushbu organlarning oʻzaro elektron hamkorligi jarayonlari avtomatlashtirilishini taʼminlaydigan majmualarga birlashtirilishi mumkin.
