26-modda. Elektron hukumatning markaziy maʼlumotlar bazalari
Elektron hukumat toʻgʻrisida (O‘RQ-395-son) · Sana: 09.12.2015 · Amalda
Elektron hukumatning markaziy maʼlumotlar bazalari yagona markazlashtirilgan axborot manbalarini taqdim etuvchi davlat axborot resurslari boʻlib, ularda davlat xizmatlari koʻrsatish hamda idoralararo elektron hamkorlik qilish uchun davlat organlarining asosiy maʼlumotlari umumlashtiriladi va saqlanadi.
Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish chogʻida, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik qilish jarayonida elektron hukumatning markaziy maʼlumotlar bazalaridagi axborotdan foydalaniladi. Elektron davlat xizmatlari koʻrsatish uchun, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik qilish uchun zarur boʻlgan boshqa axborot davlat organlarining axborot tizimlari va axborot resurslarida saqlanishi mumkin.
Elektron hukumatning markaziy maʼlumotlar bazalarini yaratish, ulardan foydalanish va ularni saqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
