23-modda. Ariza beruvchining elektron davlat xizmatlarini olish chogʻidagi huquqlari
Elektron hukumat toʻgʻrisida (O‘RQ-395-son) · Sana: 09.12.2015 · Amalda
Ariza beruvchi quyidagi huquqlarga ega:
elektron davlat xizmatlarini oʻz vaqtida va elektron davlat xizmatlarining tasdiqlangan reglamentlariga muvofiq olish;
elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida toʻliq va ishonchli axborot olish;
elektron davlat xizmati koʻrsatilishining borishi toʻgʻrisida oʻzaro hamkorlikning turli shakllari (rasmiy veb-sayt, telefon, elektron pochta, tezkor aloqa va boshqalar) orqali axborot olish;
elektron davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organlarga yoki mansabdor shaxslarga yoxud sudga belgilangan tartibda shikoyat qilish;
elektron davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini baholashda ishtirok etish;
elektron davlat xizmatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish.
Ariza beruvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
