16-modda. Fermer xoʻjaligining huquqlari
“Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (662-II-son) · Sana: 26.08.2004 · Amalda
Fermer xoʻjaligi quyidagi huquqlarga ega:
berilgan yer uchastkasida oʻz ustavida nazarda tutilgan ixtisoslashuvga va ijaraga olish shartnomasiga muvofiq fermer xoʻjaligining ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etish;
yer uchastkasini yuridik va jismoniy shaxslarga qishloq xoʻjalik ekinlarini oraliq ekish uchun ikkilamchi ijaraga berish (uchinchi shaxslarga berish huquqisiz);
yer uchastkasining dala chetlaridagi kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarini yuridik va jismoniy shaxslarga qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish uchun qonunchilikka muvofiq ikkilamchi ijaraga (uchinchi shaxslarga berish huquqisiz) berish;
ixtisoslashuvni hisobga olgan holda va tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari asosida qishloq xoʻjalik ekinlarini joylashtirishni mustaqil ravishda amalga oshirish;
mahsulotni qayta ishlovchi korxonalarni va oʻz mahsulotlari (ishlari, xizmatlari) isteʼmolchilarini mustaqil ravishda tanlash;
xarid qilinadigan mahsulotga oldindan haq toʻlanadigan fyuchers kontraktlari tuzish;
yetishtirgan mahsulotini, shu jumladan bu mahsulotni isteʼmolchilarga realizatsiya qilish huquqini oʻz xohishiga koʻra tasarruf etish;
yetishtirayotgan mahsuloti, bajarayotgan ishlari va koʻrsatayotgan xizmatlariga narx belgilash;
elektr energiyasi, yoqilgʻi-moylash materiallari, mineral oʻgʻitlarning, oʻsimliklarni himoya qilishning kimyoviy va biologik vositalari yetkazib berilishi, suv xoʻjaligi xizmatlari, texnik va boshqa xizmatlar koʻrsatilishi uchun shartnomalar tuzish;
tadbirkorlik faoliyatidan qonunchilikda belgilangan tartibda soliq solinadigan, cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olish;
olgan daromadlarini (foydasini), bank muassasasidagi oʻzining hisobvaraqlarida boʻlgan pul mablagʻlarini tasarruf etish;
aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlar olish;
kreditlar olish, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning pul mablagʻlarini hamda boshqa mol-mulkini shartnoma asosida jalb etish hamda ularni ishlab chiqarishga va takror ishlab chiqarishga yoʻnaltirish;
kreditlar olish uchun oʻz mol-mulkini, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqini garovga qoʻyish;
