32-modda. Yuqori malakali sportchilarni va sport zaxirasini tayyorlash
“Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-394-son) · Sana: 04.09.2015 · Amalda
Yuqori malakali sportchilarni va sport zaxirasini tayyorlash ixtisoslashtirilgan sport taʼlimi muassasalari, shu jumladan olimpiya zaxiralari kollejlari, bolalar-oʻsmirlar sport maktablari, shuningdek jismoniy tarbiya-sport jamiyatlari, sport-texnika tashkilotlari, sport klublari, sport tayyorgarligi markazlari, maktablar hamda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislar tomonidan amalga oshirilib, ularni tayyorlash tartibi qonunchilikda belgilanadi.
Yuqori malakali sportchilarni va sport zaxirasini tegishli sport kiyim-boshi, sport ekipirovkasi, sport jihozi va anjomi, biologik va tibbiy-tiklovchi preparatlar bilan taʼminlash, shuningdek ularning kuch-quvvat sarfini hamda jismoniy resurslarini kompensatsiya qilish, tibbiy xizmat koʻrsatishni (profilaktika, davolash) taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrni qoplanishini moliyalashtirish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Yuqori malakali sportchilarni va sport zaxirasini sport turlarining oʻziga xos xususiyatlariga muvofiq holda tayyorlash mazkur sport turi boʻyicha trenerlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun malaka sertifikatiga ega boʻlgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
