31-modda. Moslashtiruvchi jismoniy tarbiya va moslashtiruvchi sport. Nogironligi boʻlgan shaxslarni va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslarni jismoniy reabilitatsiya qilish
“Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-394-son) · Sana: 04.09.2015 · Amalda
Moslashtiruvchi jismoniy tarbiya jismoniy tarbiyaning nogironligi boʻlgan shaxslarni va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslarni jismoniy reabilitatsiya qilishning kompleks vositalaridan foydalanuvchi qismidir.
Moslashtiruvchi sport nogironligi boʻlgan shaxslarni va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslarni jismoniy reabilitatsiya qilishga hamda ijtimoiy moslashtirishga qaratilgandir.
Nogironligi boʻlgan shaxslarning va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslarning moslashtiruvchi sportini rivojlantirish sport bilan shugʻullanishning ustuvorligi, ommalashuvi hamda ochiqligi prinsiplariga asoslanadi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarni va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslarni moslashtiruvchi jismoniy tarbiya va moslashtiruvchi sport usullaridan foydalangan holda jismoniy reabilitatsiya qilish hamda ijtimoiy moslashtirish jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarida, shu jumladan reabilitatsiya markazlarida, nogironligi boʻlgan shaxslarning jismoniy tarbiya-sport klublarida amalga oshiriladi.
Tegishli taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan nogironligi boʻlgan shaxslar va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslar uchun mashgʻulotlar bunday taʼlim oluvchilarning shaxsiy qobiliyatlari hamda sogʻligʻi holati hisobga olingan, moslashtiruvchi jismoniy tarbiya va moslashtiruvchi sport vositalaridan foydalanilgan holda tashkil etiladi.
Maxsus vakolatli davlat organi mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari bilan birgalikda nogironligi boʻlgan shaxslarning hamda jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslarning jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari vositasida jismoniy tarbiya, jismoniy kamol toptirish va jismoniy tayyorgarlik tizimiga uygʻunlashuviga koʻmaklashadi.
Maxsus vakolatli davlat organi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarning jismoniy tarbiya-sport birlashmalari nogironligi boʻlgan shaxslar va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslar ishtirokida jismoniy tarbiya va sport tadbirlari oʻtkazilishini tashkil etadi, bolalar-oʻsmirlar sport-moslashtiruvchi maktablarini, moslashtiruvchi bolalar-oʻsmirlar jismoniy tayyorgarlik klublarini tashkil qiladi.
