28-modda. Sport pasporti
“Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-394-son) · Sana: 04.09.2015 · Amalda
Sport pasporti yagona namunadagi hujjat boʻlib, sportchining jismoniy tarbiya-sport tashkilotiga mansubligini va uning sport malakasini tasdiqlaydi.
Sport pasportida quyidagilar koʻrsatiladi:
sportchining familiyasi, ismi, otasining ismi;
jinsi;
tugʻilgan sanasi;
sportchining jismoniy tarbiya-sport tashkilotiga mansubligi;
tanlangan sport turi yoki sport turlari va sport turining tarmoqlari;
sport unvonlari va sport razryadlari berilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
sport unvonlari va sport razryadlarini berish uchun zarur normalar hamda talablar bajarilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar;
sportchi tibbiy tekshiruvdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi belgi;
sport musobaqalarida erishilgan natijalar;
sportchining sport diskvalifikatsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
davlat mukofotlari va boshqa shakldagi ragʻbatlantirishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
trenerning familiyasi, ismi, otasining ismi;
tanlangan sport turi yoki sport turlarining oʻziga xos xususiyatlari bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlar.
Sportchining jismoniy tarbiya-sport tashkilotiga mansubligi sportchi va jismoniy tarbiya-sport tashkiloti oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasi asosida va (yoki) sportchining jismoniy tarbiya-sport tashkilotiga aʼzoligi asosida aniqlanadi.
Sport pasportlarini yuritish, berish va almashtirish, ularni hisobga olish yagona tizimining amal qilish tartibi Sport pasporti toʻgʻrisidagi nizomda belgilanadi. Sport pasporti toʻgʻrisidagi nizom va sport pasportining namunasi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
