27-modda. Sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashish
“Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-394-son) · Sana: 04.09.2015 · Amalda
Dopingga qarshi qoidaning buzilishi, shu jumladan sportda foydalanish taqiqlangan substansiyalar va (yoki) usullar (bundan buyon matnda taqiqlangan substansiya va (yoki) taqiqlangan usul deb yuritiladi) roʻyxatiga kiritilgan substansiyadan va (yoki) usuldan foydalanish yoki foydalanishga urinish sportda doping deb eʼtirof etiladi.
Sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashish dopingga qarshi xalqaro tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan dopingga qarshi qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Quyidagi bir yoki bir nechta qoidabuzarlik dopingga qarshi xalqaro tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan dopingga qarshi qoidalarning buzilishi deb eʼtirof etiladi:
sportchining taqiqlangan substansiyadan va (yoki) taqiqlangan usuldan foydalanganligi yoki foydalanishga uringanligi;
musobaqa paytida yoki musobaqadan tashqari paytda sportchi organizmidan, shuningdek sport musobaqasida ishtirok etayotgan jonivor organizmidan olingan namunada taqiqlangan substansiyalarning yoxud ular metabolitlarining yoki markerlarining mavjud boʻlishi;
sportchining namuna olinishi uchun kelishdan bosh tortganligi, sportchining dopingga qarshi qoidalarga muvofiq xabardor qilingandan keyin namuna olinishiga uzrli sabablarsiz kelmaganligi yoki sportchining namuna olinishidan boshqacha tarzda boʻyin tovlaganligi;
sportchidan musobaqadan tashqari paytda namuna olinishi imkoniyatiga taalluqli dopingga qarshi talablarning buzilganligi, shu jumladan oʻzining turgan joyi haqidagi axborotni taqdim etmaganligi hamda uning testlashda ishtirok etish uchun kelmaganligi;
doping nazorati elementini soxtalashtirish yoki soxtalashtirishga urinish;
Jahon dopingga qarshi agentligining Taqiqlangan substansiyalardan terapevtik foydalanish uchun xalqaro standartga muvofiq beriladigan ruxsatnomasiz terapevtik foydalanish uchun taqiqlangan substansiyalarga va (yoki) taqiqlangan usullarga ega boʻlish;
taqiqlangan substansiya va (yoki) taqiqlangan usulni tarqatish.
Sportchilar, shuningdek trenerlar, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa mutaxassislar tomonidan sportchilarga nisbatan dopingga qarshi qoidalarning buzilishiga, sport musobaqasida qatnashayotgan jonivorlarga nisbatan taqiqlangan substansiya va (yoki) taqiqlangan usulning qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Sportchi tomonidan, shuningdek sport musobaqasida qatnashayotgan jonivorga nisbatan taqiqlangan substansiya va (yoki) taqiqlangan usuldan foydalanilganligi fakti faqat Jahon dopingga qarshi agentligi tomonidan akkreditatsiya qilingan laboratoriyalarda oʻtkazilgan tekshiruvlar natijalari bilan tasdiqlanadi.
