11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi vakolatlari
“Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-394-son) · Sana: 04.09.2015 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi:
taʼlim muassasalarida bolalar sportini rivojlantirishni va ularning sport bazasini mustahkamlashni taʼminlaydi;
bolalar va oʻquvchi yoshlar oʻrtasida jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport tadbirlarini tashkil etadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi oʻquv-uslubiy adabiyotlarni tayyorlashda ishtirok etadi;
xalq taʼlimi tizimining taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida sport musobaqalarini (“Umid nihollari”) tashkil etishda ishtirok etadi;
bolalar sportining moddiy-texnika va resurs bazasini rivojlantirish choralarini koʻradi;
bolalarga sportga muhabbatni singdirish, oʻsib kelayotgan avlodda sport bilan shugʻullanish, sogʻlom turmush tarzini olib borish, jismoniy va maʼnaviy komillikka intilish muhimligi tushunchasini shakllantirish, bolalarni salbiy taʼsirlardan himoya qilishga va zararli odatlardan xalos etishga doir chora-tadbirlar majmuini amalga oshiradi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
bolalarni jismoniy tarbiyalashning zamonaviy shakllari hamda usullarini, bolalarning jinsi va yoshiga qarab ularga sport koʻnikmalarini singdirishning, sportga qobiliyatli bolalarni ixtisoslashtirilgan sport taʼlim muassasalarida oʻqitish uchun tanlab olishning ilmiy asoslangan tizimlarini ishlab chiqishni hamda joriy etishga koʻmaklashishni tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
