16-modda. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning aholining sanitariya- epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi majburiyatlari
Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-393-son) · Sana: 26.08.2015 · Amalda
Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar:
aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisidagi qonunchilik, shuningdek davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning qarorlari va koʻrsatmalari talablarini bajarishi;
yuqumli va parazitar kasalliklar paydo boʻlgan taqdirda ularni bartaraf etish maqsadida sanitariya-gigiyena tadbirlarini va epidemiyaga qarshi tadbirlarni ishlab chiqishi hamda amalga oshirishi;
ishlab chiqarish, tashish, saqlash hamda aholiga realizatsiya qilish paytida mahsulotning, shuningdek bajarilayotgan ishlar va koʻrsatilayotgan xizmatlarning xavfsizligini taʼminlashi;
mahsulotni ishlab chiqarish, tashish, saqlash va aholiga realizatsiya qilish, ishlarni bajarish hamda xizmatlarni koʻrsatish paytida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etishi;
aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligiga tahdid soluvchi avariya vaziyatlari, texnologik jarayonlarning buzilishlari toʻgʻrisida mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi organlarga ishonchli axborot taqdim etishi shart.
Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
