15-modda. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning aholining sanitariya- epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi huquqlari
Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-393-son) · Sana: 26.08.2015 · Amalda
Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar:
davlat boshqaruvi organlaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan, shuningdek davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi organlardan sanitariya-epidemiologik vaziyat hamda insonning yashash muhiti holati toʻgʻrisida axborot olish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;
aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini yaxshilash boʻyicha takliflar kiritish;
fuqarolar, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi oqibatida, shuningdek sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish paytida oʻzlarining mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrni qonunchilikda belgilangan tartibda toʻliq hajmda qoplanishi;
davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organlarga yoki mansabdor shaxslarga yoxud sudga belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
