22-modda. Toʻliq va kommandit shirkatlarning faoliyati
Xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlari toʻgʻrisida (732-XII-son) · Sana: 09.12.1992 · Amalda
1. Toʻliq shirkatning faoliyati uning barcha qatnashchilarining umumiy kelishuvi asosida amalga oshiriladi.
Shirkat faoliyati barcha qatnashchilar tomonidan, shirkat nomidan ish koʻradigan bir yoki bir necha qatnashchi tomonidan amalga oshiriladi. Ikkinchi holatda qatnashchilarning vakolatlari koʻlami shirkatning qolgan qatnashchilari imzolagan topshiriq bilan belgilab qoʻyiladi.
2. Agar taʼsis shartnomasida shirkat ishlarini yuritish uchun vakolatlar beriladigan bir necha qatnashchi belgilanayotgan boʻlsa, bunda ulardan har biri shirkat nomidan mustaqil ish koʻra olishi nazarda tutiladi. Taʼsis shartnomasida bunday qatnashchilar tegishli xatti-harakatlarni faqat birgalashib amalga oshirishga haqli ekanliklari qayd etib qoʻyilishi mumkin.
Shirkat ishlarini yuritish topshirilgan qatnashchilar jamiyat nomidan va uning manfaatlarini koʻzlab bajarayotgan ishlari toʻgʻrisida qolgan qatnashchilarga ularning talabiga binoan toʻliq axborot berishlari shart.
3. Qatnashchining shirkat ishlarini yuritishga doir vakolatlari qatnashchining topshiriqdan voz kechishi yoki topshiriqning qolgan qatnashchilardan loaqal bittasining talabiga binoan bekor qilinishi munosabati bilan toʻliq yoki shirkat faoliyati toʻxtatilishi tufayli qisman toʻxtatiladi.
4. Vakolati boʻlmay turib, uning xatti-harakatlari barcha boshqa qatnashchilar tomonidan maʼqullanmaydigan hollarda umumiy manfaatlarni koʻzlab ish koʻrgan qatnashchi, agar uning harakatlari natijasida shirkatning mol-mulki saqlanib qolgani yoki muvofiq ravishda shirkat qilgan sarf-xarajatlar qiymatidan ortiq mol-mulkka ega boʻlgani isbotlangan taqdirdagina chiqimlarni qoplash toʻgʻrisida shirkat oldiga talab qoʻyishga haqlidir.
5. Agar kommandit shirkatning kommanditisti tegishli vakolatlarsiz shirkat nomidan va uning manfaatlarini koʻzlab bitim tuzsa, uning harakatlari kommandit shirkat tomonidan maʼqullangan taqdirda, u toʻliq masʼuliyatli qatnashchilar bilan birgalikda kreditorlar oldida bitim yuzasidan oʻzining qonunga binoan undirish qaratilishi mumkin boʻlgan barcha mol-mulki bilan javobgar boʻladi.
Harakatlari maʼqullanmagan taqdirda kommanditist uchinchi shaxs oldida oʻzining undirish qaratilishi mumkin boʻlgan barcha mol-mulki bilan mustaqil ravishda javob beradi.
6. Ushbu moddada belgilangan qoidalarni buzganlari taqdirda, shirkat qatnashchilari bunday xatti-harakatlari tufayli shirkatga yetkazilgan zararni qoplashlari shart.
