21-modda. Shirkat kommanditistlarining huquq va burchlari
Xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlari toʻgʻrisida (732-XII-son) · Sana: 09.12.1992 · Amalda
1. Kommanditist kommandit shirkatga aʼzo boʻlib kirishda ham pulli, ham moddiy hissa qoʻshishga haqlidir.
Kommanditist:
topshiriq mavjud boʻlganida va topshiriqqa muvofiq kommandit shirkat nomidan ish koʻrish;
shirkat tugatilgan taqdirda toʻliq masʼuliyatli qatnashchilarga nisbatan hissa birinchi navbatda qaytarib berilishini talab qilish;
unga shirkat faoliyati toʻgʻrisidagi balanslar va yillik hisobotlar taqdim etilishini, shuningdek ularning toʻgʻri tuzilganligini tekshirish imkoniyati berilishini talab qilish huquqiga ega.
2. Kommanditist hissalar va qoʻshimcha badallarni taʼsis shartnomasida nazarda tutilgan miqdorda, usullar va tartibda qoʻshadi.
Kommanditistlar ulushining umumiy miqdori shirkatning taʼsis shartnomasida koʻrsatilgan mol-mulki qiymatining ellik foizidan oshmasligi lozim.
Kommandit shirkatni davlat roʻyxatiga olish paytiga qadar hissadorlardan har biri oʻz badali summasining kamida yigirma besh foizini qoʻshadi.
