17-modda. Masʼuliyati cheklangan yoki qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatning ustav fondi
Xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlari toʻgʻrisida (732-XII-son) · Sana: 09.12.1992 · Amalda
1. Masʼuliyati cheklangan yoki qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatda ustav fondi tuzilib, uning miqdori eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan kam boʻlmasligi kerak.
Jamiyat ustav fondini taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda shakllantirishning eng koʻp muddati, basharti qonun hujjatlarida oʻzgacha qoidalar nazarda tutilgan boʻlmasa, jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran bir yildan oshmasligi lozim.
2. Jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtadigan paytgacha qatnashchilarning har biri taʼsis hujjatlarida koʻrsatilgan hissaning kamida oʻttiz foizini kiritishi shart, bu bank muassasalari bergan hujjatlar bilan tasdiqlanadi.
Qatnashchi oʻz hissasini jamiyat roʻyxatdan oʻtganidan keyin bir yil ichida toʻliq qoʻshishi shart. Ushbu majburiyat belgilangan muddatda bajarilmagan taqdirda qatnashchi, basharti taʼsis hujjatlarida oʻzgacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, muddati oʻtkazib yuborilgan vaqt uchun toʻlanmagan summadan olinadigan yillik daromadning yigirma besh foizini toʻlaydi.
Jamiyatning oʻz hissasini toʻliq toʻlagan qatnashchisiga guvohnoma beriladi, bu guvohnoma qimmatbaho qogʻozlar jumlasiga kirmaydi.
3. Hissa sifatida kiritilgan mol-mulk qiymatining oʻzgarishi va taʼsis hujjatlarida belgilangan hollarda jamiyat yuqori idorasining qaroriga binoan qatnashchilar tomonidan kiritilgan qoʻshimcha badallar jamiyatning ustav fondidagi ulushlari miqdoriga taʼsir etmaydi.
4. Masʼuliyati cheklangan yoki qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatning qatnashchilari qolgan qatnashchilarning roziligi bilan oʻz ulushini (ulushning bir qismini) shu jamiyatning bir yoki bir necha qatnashchisiga yoxud uchinchi shaxslarga berishi mumkin. Jamiyat qatnashchilari ana shu ulushni (uning bir qismini) jamiyat ustav fondidagi oʻz ulushlariga mutanosib tarzda sotib olishda ustuvor huquqdan foydalanadilar. Ulushni (uning bir qismini) jamiyat qatnashchilarining manfaatlari qanoatlantirilganidan keyingina uchinchi shaxslarga berish mumkin boʻladi. Bunday hollarda uchinchi shaxs uning huquqiy vorisiga aylanadi.
5. Qatnashchining ulushini u hissasini toʻliq kiritib boʻlganidan keyingina jamiyatning oʻzi sotib olishi mumkin. Bunday hollarda jamiyat ulushni boshqa qatnashchilarga yoki uchinchi shaxsga uzogʻi bilan bir yil muddatga berishi shart. Ana shu davr mobaynida foydani taqsimlash, shuningdek yuqori idorada ovoz berish va kvorumni aniqlash jamiyat tomonidan sotib olingan ulush nazarda tutilmagan holda amalga oshiriladi.
