56-modda. Qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organining huquqlari
“Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-387-son) · Sana: 03.06.2015 · Amalda
Qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi:
investorlarning, qimmatli qogʻozlar egalarining hamda davlatning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida davlat boji toʻlamasdan sudda daʼvo qoʻzgʻatishga;
qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi aniqlangan taqdirda qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchisining faoliyati toʻxtab qolishiga sabab boʻlmaydigan ayrim operatsiyalarini oʻz vakolatlari doirasida toʻxtatib turishga;
davlat boshqaruvi organlaridan, qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilaridan axborot va hujjatlarni oʻz vakolatlari doirasida soʻrash hamda olishga;
qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni qoʻshib olib borish tartibini belgilashga;
qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarni hisobga olishning, qimmatli qogʻozlar savdolari va qimmatli qogʻozlarga doir bitimlarga hisob-kitob-kliring xizmati koʻrsatishning yagona tizimini yaratish boʻyicha davlat tomonidan tashkil etiladigan korxona faoliyatining tartibini belgilashga;
Qimmatli qogʻozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti aʼzolari boʻlgan boshqa davlatlarning qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli organlari bilan maxfiy va boshqa turdagi axborotni belgilangan tartibda ayirboshlashga haqli.
Qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
