50-modda. Qimmatli qogʻozlar bozorida maxfiy axborotni oshkor qilish
“Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-387-son) · Sana: 03.06.2015 · Amalda
Qimmatli qogʻozlar bozorida maxfiy axborotni oshkor qilish qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda amalga oshiriladi.
Mijozlarning hisobvaraqlari boʻyicha maʼlumotlar — ularning oʻzlariga yoki vakillariga, oʻz vakolatlariga taalluqli masalalar yuzasidan — monopoliyaga qarshi davlat organiga, davlat soliq xizmati organlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga, sudlarga, qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻlgan taqdirda esa, tergov va surishtiruv organlariga beriladi.
Mijozlarning — jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari boʻyicha maʼlumotlar ularning egalari vafot etgan taqdirda, merosxoʻrlarga yoki hisobvaraqning egasi koʻrsatgan shaxslarga, oʻz ish yurituvidagi meros ishlari yuzasidan notarial idoralarga beriladi, chet el fuqarolariga nisbatan esa chet davlatning konsullik muassasalariga beriladi.
Birja bitimining mazmuni haqidagi axborot sudlarga taqdim etiladi, tergov va surishtiruv organlariga esa qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi mavjud boʻlgan taqdirda taqdim etiladi.
Maxfiy axborot qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organiga quyidagi hollarda:
u qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi faktlarini koʻrib chiqayotganda;
u Qimmatli qogʻozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti aʼzolari boʻlgan boshqa davlatlarning qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli organlariga ularning yozma soʻroviga koʻra axborot berganda oshkor qilinadi.
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq maxfiy axborot qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va tartibda maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etiladi.
