2-modda
Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish toʻgʻrisida · Sana: 21.12.1965 · Amalda
1. Ishtirokchi davlatlar irqiy kamsitishni qoralaydilar va hamma iloji bor usullar bilan shoshilinch ravishda irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish siyosatini oʻtkazish hamda hamma irqlar oʻzaro tushunishiga koʻmaklashish majburiyatini oladilar va shu maqsadda:
a) har bir ishtirokchi davlat shaxslar, guruhlar yoki muassasalarga nisbatan irqiy kamsitish bilan bogʻlangan qandaydir xatti-harakat qilmaslikka hamda umumdavlat va mahalliy pogʻonalarda barcha davlat organlari va davlat muassasalari shu majburiyatga binoan harakat qilishini kafolatlashni zimmasiga oladi;
b) har bir ishtirokchi davlat qaysidir shaxslar yoki tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladigan irqiy kamsitishni ragʻbatlantirmaslik, himoya qilmaslik va qoʻllab-quvvatlamaslik majburiyatini oladi;
s) har bir ishtirokchi davlat hukumat siyosatini milliy va mahalliy koʻlamda qayta koʻrib chiqish, shuningdek irqiy kamsitish mavjud boʻlgan hamma joyda uning paydo boʻlishiga yoki abadiylashtirilishiga olib keladigan istalgan qonun va qarorlarni tuzatish, toʻxtatish yoki bekor qilish uchun samarali tadbirlar qabul qilishi kerak;
d) har bir ishtirokchi davlat hamma tegishli vositalardan, shu jumladan, qonunchilik tadbirlaridan foydalanib, vaziyatga qarab, har qanday shaxslar, guruhlar yoki tashkilotlar tomonidan olib boriladigan irqiy kamsitishni taqiqlashi va unga chek qoʻyishi kerak;
e) har bir ishtirokchi davlat irqiy toʻsiqlarni yoʻqotishga yoʻnaltirilgan boshqa tadbirlar qatorida, zarur hollarda koʻp irqli tashkilotlar va harakatlarni ragʻbatlantirish, ulardan irqiy jihatdan ajratishni chuqurlashtirishga koʻmaklashadiganini qoʻllab-quvvatlamaslik majburiyatini oladi.
2. Ishtirokchi davlatlar vaziyat talab qilganda ayrim irqiy guruhlar yoki shu guruhlarga mansub shaxslarni lozim darajada rivojlantirish va himoyalash maqsadida ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalarda alohida aniq tadbirlar qabul qilishlari kerak, toki ularning inson huquqlari va asosiy erkinliklaridan toʻla va teng foydalanishlari kafolatlansin. Bunday tadbirlar hech qaysi holatda oqibatda ular joriy qilinadigan maqsadga erishilgandan keyin turli irqiy guruhlar uchun tengsiz yoki alohida huquqlarning saqlanib qolishiga olib kelmasligi kerak.
