15-modda
Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish toʻgʻrisida · Sana: 21.12.1965 · Amalda
1. Bosh Assambleyaning 1960-yil 14-dekabrdagi 1514 (XV) rezolyutsiyasida bayon qilingan Mustamlaka mamlakatlar va xalqlarga mustaqillik berish toʻgʻrisidagi deklaratsiya maqsadlariga erishilgunga qadar ushbu Konvensiyaning qoidalari shu xalqlarga boshqa xalqaro hujjatlar yoki Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari tomonidan taʼminlangan petitsiyalar berish huquqini cheklamaydi.
2. a) Ushbu Konvensiya 8-moddasining 1-bandiga binoan taʼsis etilgan qoʻmita petitsiyalarning nusxalarini Birlashgan Millatlar Tashkilotining shu Konvensiyaning prinsiplari hamda maqsadlariga bevosita taalluqli boʻlgan masalalar bilan shugʻullanadigan organlaridan oladi va ularda qaralayotgan petitsiyalar (agar ular vasiylikdagi va oʻzini oʻzi boshqarmaydigan hududlarda yashaydigan shaxslardan kelsa, ularga nisbatan 1514 (XV)-rezolyutsiya qoʻllaniladigan boʻlsa va bu petitsiyalar ushbu Konvensiyada nazarda tutilgan masalalarga tegishli boʻlsa) boʻyicha ularga fikr va tavsiyalar beradi.
b) Qoʻmita Birlashgan Millatlar Tashkilotining vakolatli organlaridan ushbu Konvensiyaning prinsiplari va maqsadlariga bevosita aloqador hamda ushbu bandning “a” kichik bandida eslatib oʻtilgan hududlarda idora etuvchi Davlatlar tomonidan oʻtkazilayotgan qonunchilik, sud, maʼmuriy va boshqa tadbirlarga tegishli maʼruzalarning nusxalarini oladi, shuningdek bu xususda oʻz fikrini bildiradi va shu organlarga tavsiyalar beradi.
3. Qoʻmita Bosh Assambleyaga beradigan oʻzining maʼruzasiga uning tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti organlaridan olingan petitsiya va maʼruzalarning qisqa xulosalari shuningdek ana shu petitsiya va maʼruzalarga nisbatan qoʻmitaning fikr va tavsiyalarini ham qoʻshadi.
4. Qoʻmita Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibidan ushbu Konvensiya maqsadlariga taalluqli hamda ushbu moddaning 2-bandi “a” kichik bandida eslatilgan hududlarga oid uning ixtiyoridagi butun axborotni soʻrab oladi.
