7-modda. Tashuvchining sugʻurta hodisasi hisoblanmaydigan fuqarolik javobgarligining yuzaga kelishi
Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-386-son) · Sana: 26.05.2015 · Amalda
Quyidagilar oqibatida tashuvchi fuqarolik javobgarligining yuzaga kelishi ushbu Qonunga muvofiq sugʻurta hodisasi boʻlmaydi:
maʼnaviy zarar yetkazilganligi va (yoki) boy berilgan foydaning oʻrnini qoplash majburiyati yuzaga kelganligi;
nodir va boshqa noyob buyumlarga, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlardan va metallardan ishlangan buyumlarga, diniy qadriyatga ega buyumlarga, sanʼat asarlariga, qoʻlyozmalarga, noyob audiovizual asarlarga hamda intellektual faoliyatning boshqa natijalariga, qimmatli qogʻozlarga, naqd pullarga, shu jumladan chet el valyutasiga shikast yetkazilganligi yoki ularning yoʻq qilinganligi;
yoʻlovchining sugʻurta hodisasini yuzaga keltirishga qaratilgan qasddan qilingan harakatlari natijasida uning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga zarar yetkazilganligi.
Tashuvchining fuqarolik javobgarligi ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hollarda yuzaga kelgan taqdirda, yetkazilgan zararning oʻrni tashuvchi tomonidan qoplanishi va (yoki) u ushbu zararni kompensatsiya qilishi kerak.
