6-modda. Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi
Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-386-son) · Sana: 26.05.2015 · Amalda
Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi ommaviy shartnomadir.
Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasiga koʻra, sugʻurtalovchi sugʻurta hodisasi sodir boʻlganda jabrlanuvchiga yoki naf oluvchiga yoxud tashuvchiga yoʻlovchilarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini mazkur shartnoma boʻyicha shartlashilgan haq (sugʻurta mukofoti) evaziga sugʻurta summasi doirasida qoplash majburiyatini oladi.
Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi tashuvchi va sugʻurtalovchi oʻrtasida tuziladi. Mazkur shartnomani tuzish uchun tashuvchining yozma yoki elektron shakldagi arizasi asos boʻladi.
Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasida koʻrsatilishi lozim boʻlgan shartlarning toʻliq emasligi uchun javobgarlik sugʻurtalovchining zimmasida boʻladi.
Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi bir yil muddatga tuziladi bundan ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Yoʻlovchilarni va ularning mol-mulkini avtomobilda tashishni amalga oshiruvchi tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi uch oydan bir yilgacha boʻlgan muddatga tuzilishi mumkin.
Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi shartlari va uni tuzish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Bunda tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
shartnoma predmeti;
sugʻurta summasi va sugʻurta mukofoti;
shartnomaning kuchga kirish sanasi va amal qilish muddati;
taraflarning huquq va majburiyatlari;
taraflarning javobgarligi;
nizolarni hal etish tartibi;
shartnomani oʻzgartirish, bekor qilish va muddatidan oldin tugatish tartibi.
Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasida qonunchilikka muvofiq boshqa shartlar ham boʻlishi mumkin.
