2-modda
Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida · Sana: 16.12.1966 · Amalda
1. Ushbu Paktda ishtirok etuvchi har bir davlat oʻz hududida turgan va oʻz yurisdiksiyasi ostida boʻlgan barcha shaxslarning ushbu Paktda eʼtirof etilgan hukuqlarini hech bir ayirmachiliksiz, jumladan, irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa eʼtiqodidan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli, tugʻilishi yoki oʻzga holatidan qatʼi nazar hurmat qilish va taʼminlash majburiyatini oladi.
2. Agar bu narsa hali mavjud qonun hujjatlarida yoki boshqa choralar orqali nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu Paktda ishtirok etuvchi har bir davlat oʻzining konstitutsiyaviy tartib-taomillariga va ushbu Pakt qoidalariga muvofiq ushbu Paktda eʼtirof etilgan huquqlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlishi mumkin boʻlgan shunday qonun hujjatlarini yoki boshqa tadbirlarni qabul qilish uchun zarur choralarni koʻrish majburiyatini oladi.
3. Ushbu Paktda ishtirok etuvchi har bir davlat oʻz zimmasiga quyidagi majburiyatlarni oladi:
a) ushbu Paktda tan olingan huquqlari va erkinliklari buzilgan har qanday shaxsni, agar bu buzilish rasmiy sifatda harakat qilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan boʻlsa ham, huquqiy himoyaning samarali vositasi bilan taʼminlash;
b) ana shunday himoya talab qiluvchi har qanday shaxs uchun yuridik himoya vakolatli sud, maʼmuriy yoki qonun chiqaruvchi hokimiyatlar tomonidan yoki davlatning huquqiy tizimida nazarda tutilgan boshqa vakolatli organlar tomonidan taʼminlashi va sud orqali himoyalanishi imkoniyatini rivojlantirish;
c) huquqiy himoya vositalari berilganda, vakolatli hokimiyatlar tomonidan buning qoʻllanilishini taʼminlash.
