18-modda
Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida · Sana: 16.12.1966 · Amalda
1. Har bir inson fikr, vijdon va din erkinligi huquqiga ega. Ushbu huquq oʻz ixtiyori bilan oʻziga maʼqul dinni qabul qilish va eʼtiqod qilish erkini, yakka holda, shuningdek boshqalar bilan birgalikda, oshkora yoki xususiy tartibda ibodat qilish, diniy va boshqa urf-odatlarni va marosimni bajarish erkini ham oʻz ichiga oladi.
2. Hech kim oʻz ixtiyoriga koʻra oʻz dini va eʼtiqodiga ega boʻlish yoki qabul qilish erkini kamsitadigan majburiy holatga duchor etilmasligi lozim.
3. Din yoki eʼtiqod erkinligiga faqat qonun bilan belgilangan va jamoat xavfsizligini, tartibini, salomatligi va axloqini, shuningdek boshqa shaxslarning asosiy huquqlari va erkinliklarini muhofaza etish uchun zarur boʻlgan cheklashlar belgilanishi mumkin.
4. Ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlatlar ota-onalarning va tegishli hollarda qonuniy vasiylarning oʻz bolalarini oʻz shaxsiy eʼtiqodlariga muvofiq diniy va axloqiy tarbiyalash erkini hurmat qilish majburiyatini oladilar.
